Intel portativ konsollar uchun Arc G3 protsessorlarini taqdim etdi

Intel kompaniyasi portativ oʻyin konsollari uchun maxsus ishlab chiqilgan Arc G3 seriyasidagi yangi protsessorlarini rasman namoyish qildi. Mazkur liniyadan hozircha ikkita model oʻrin olgan: Arc G3 va Arc G3 Extreme. Texnik jihatdan ushbu chiplar Panther Lake arxitekturasiga asoslangan boʻlib, faqat konfiguratsiya jihatidan biroz farqlanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Har ikkala protsessor ham 14 ta yadroga (2+8+4) ega. Asosiy farq grafik qismida namoyon boʻladi: kichik model 10 ta Xe3 yadroli Arc B370 grafik chipi bilan jihozlangan boʻlsa, yuqori versiya 12 ta yadroli Arc B390 iGPU bilan taʼminlangan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Arc B390 unumdorlik borasida Ryzen Z2 Extreme tarkibidagi Radeon 890M grafik chipidan sezilarli darajada ustunlik qiladi.
Yangi chiplar Intel 18A texnologik jarayoni asosida ishlab chiqarilgan boʻlib, kadrlar generatsiyasini qoʻllab-quvvatlovchi XeSS 3 texnologiyasi, Wi-Fi 7 va Thunderbolt 4 interfeyslariga ega. Bu esa portativ qurilmalarda yuqori tezlikdagi maʼlumot almashinuvi va sifatli tasvirni taʼminlaydi.
Intel hamkorlari oʻzlarining yangi ishlanmalarini Computex 2026 koʻrgazmasida namoyish etishni rejalashtirmoqda. Yangi protsessorlar bazasidagi ilk qurilmalar — Acer Predator Atlas 8, MSI Claw 8 EX AI+ va OneXPlayer 3 joriy yilning iyun oyida sotuvga chiqishi kutilmoqda. Hozircha ushbu yuqori unumdorlikka ega konsollarning narxi qancha boʻlishi ochiqlanmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!