Xiaomi 1 kg sigʻimli ixcham kir yuvish va quritish mashinasini taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi Mijia Washing Machine Mini Dual-Zone Wash & Dry 1kg (model raqami XHQB10MJ103) deb nomlangan yangi qurilmasini bozorga chiqardi. Ushbu mini-formatdagi kir yuvish mashinasi ikkita mustaqil yuvish va quritish zonasiga ega boʻlib, hozirda Xitoyda 220 dollar atrofida sotilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi qurilma kundalik ehtiyojlar uchun ixcham texnikaga muhtoj foydalanuvchilarga moʻljallangan. Model bir necha ish rejimlarini, jumladan, alohida yuvish, alohida quritish va kombinatsiyalangan siklni qoʻllab-quvvatlaydi. Xiaomi maʼlumotlariga koʻra, mashina 1,0 kg gacha kiyimni yuvish va 0,4 kg gacha kiyimni quritish imkoniyatiga ega.
Qurilmaning oʻziga xos jihatlaridan biri — intellektual yumshoq quritish funksiyasi boʻlib, u haroratni avtomatik nazorat qiladi va matoning haddan tashqari qurib ketishidan himoya qiladi. Kichik va yengil kiyimlar uchun esa bor-yoʻgʻi 45 daqiqa davom etadigan tezkor yuvish va quritish sikli koʻzda tutilgan.
Texnik xususiyatlariga koʻra, ikki baraban uchun suv yetkazib berish va chiqarish kanallari alohida qilingan. Mijia ilovasi orqali 17 xil ssenariyni, jumladan, 95°C haroratda qaynatish rejimini tanlash mumkin. Shuningdek, boshqaruv panelida 6 ta asosiy dastur mavjud boʻlib, ilova orqali suv darajasi va haroratni sozlash imkoniyati bor.
Gabarit oʻlchamlari 530 × 371 × 410 mm boʻlgan ushbu ixcham qurilma zamonaviy xonadonlar uchun joyni tejash imkonini beradi. Xiaomi oʻzining ushbu mahsuloti bilan maishiy texnika bozoridagi ixcham segmentni yanada kengaytirishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!