Xiaomi 100 kungacha tozalash talab etmaydigan Mijia Wireless Vacuum Cleaner 4 Pro modelini taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi Xitoyda yangi Mijia Wireless Vacuum Cleaner 4 Pro (model raqami — F202) simsiz changyutgichi uchun oldindan buyurtma olishni boshladi. Qurilmaning boshlangʻich narxi 1498,55 yuan (taxminan 220 dollar) etib belgilangan boʻlib, chakana savdolar 10-iyundan start oladi. JD.com platformasida davlat subsidiyalari va trade-in dasturi orqali narxni 1219 yuangacha (taxminan 180 dollar) tushirish imkoniyati mavjud. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi modelning asosiy oʻziga xosligi uning chang yigʻish bazasiga ega ikki kanalli oʻz-oʻzini tozalash tizimidir. Qurilma 120 000 aylanish/daqiqa tezlikda ishlovchi motor bilan jihozlangan boʻlib, uning soʻrish quvvati 230 AVt ni tashkil etadi. Changni yaxshiroq koʻrish uchun choʻtka qismida 180 darajali keng burchakli koʻk chiroqli yoritish tizimi oʻrnatilgan.
Changyutgichning bazasidagi qop hajmi 3 litrni tashkil etadi va u kumush ionli antibakterial modul bilan boyitilgan. Xiaomi vakillarining taʼkidlashicha, ushbu tizim foydalanuvchiga 100 kungacha chang qopini almashtirmaslik imkonini beradi. Bu esa uy tozalash jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradi va gigiyenik xavfsizlikni taʼminlaydi.
Qurilma 2600 mAs sigʻimli yechiladigan akkumulyator bilan taʼminlangan boʻlib, u 90 daqiqagacha avtonom ishlashga qodir. Changyutgich bazaga qoʻyilishi bilan avtomatik ravishda quvvat olishni boshlaydi. Shuningdek, 685 W quvvatga ega baza Xiaomi HyperOS Connect ekotizimini qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa aqlli uy tizimi bilan integratsiyani taʼminlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!