NVIDIA va MediaTek protsessorli Lenovo Yoga Pro 7 narxi maʻlum boʻldi

Computex 2026 koʻrgazmasining rasmiy ochilishi arafasida yilning eng shov-shuvli maʻlumotlaridan biri sizdirildi. Sharqiy Yevropadagi yirik riteylerlardan biri Lenovo Yoga Pro 7 noutbukining mutlaqo yangi versiyasini muddatidan avval eʻlon qilib yubordi. Qurilmaning asosiy oʻziga xosligi — NVIDIA va MediaTek hamkorligida ishlab chiqilgan NVIDIA N1X apparat platformasidir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu sizdirilgan maʻlumotlar NVIDIA va Microsoft kompaniyalarining «shaxsiy kompyuterlarning yangi davri» haqidagi anonslarini tasdiqlaydi. Agar avvalroq Yoga Pro 7 modeli faqat Intel va AMD protsessorlari bilan chiqarilgan boʻlsa, endilikda uning Arm arxitekturasiga asoslangan versiyasi ham taqdim etiladi. Yangi noutbuk 15,3 dyuymli, 165 Gs chastotali WQXGA OLED sensorli ekrani, 32-64 GB tezkor xotira va 1 TB SSD bilan jihozlanadi.
Maʻlumotlarga koʻra, NVIDIA N1 va N1X chiplari TSMC tomonidan 3 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqariladi. SoC oʻz ichiga 20 yadroli CPU va 6144 ta CUDA yadrosiga ega Blackwell avlodidagi GPU’ni oladi. Grafik quvvat jihatidan u GeForce RTX 5070 darajasiga teng boʻlishi kutilmoqda. Windows 11 Home tizimida ishlovchi ushbu noutbukning narxi esa ancha yuqori — taxminan 4000 yevro atrofida baholanmoqda.
Lenovo ushbu platformadan foydalanadigan yagona ishlab chiqaruvchi boʻlmaydi. Kelasi haftada Asus ham NVIDIA N1/N1X bazasidagi oʻz qurilmalarini namoyish etishi kutilmoqda. Yangi platforma nafaqat yuqori unumdorlik, balki sunʻiy intellekt vazifalarini bajarishda ham inqilobiy imkoniyatlarni vaʻda qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!