Patreon platformasi xodimlarining 20 foizini ishdan boʻshatishini eʼlon qildi

Ijodkorlar uchun moʻljallangan mashhur Patreon platformasi oʻz faoliyatini optimallashtirish va boʻzor oʻzgarishlariga moslashish maqsadida ishchi kuchining 20 foizini qisqartirmoqda. Kompaniya bosh ijrochi direktori Jack Conte tomonidan eʼlon qilingan ushbu qaror natijasida 93 nafar xodim oʻz ish joyini yoʻqotadi. Bu platforma tarixidagi soʻnggi yillardagi eng yirik qisqartirishlardan biri hisoblanadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Jack Conte xodimlarga yoʻllagan rasmiy xatida Patreon asosiy biznes yoʻnalishi boʻyicha barqaror ekanini, biroq texnologiya bozoridagi shiddatli oʻzgarishlar xarajatlar tarkibini qayta koʻrib chiqishni talab qilayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu „ogʻriqli“ qaror kompaniyaning uzoq muddatli barqarorligini taʼminlash uchun zaruriy qadamdir. Mazkur jarayon kompaniya tuzilmasini yanada ixchamlashtirish va asosiy ustuvor vazifalarga eʼtibor qaratishni koʻzda tutadi.
Sunʼiy intellekt taʼsiri va inson omili
Qisqartirishlar haqidagi xabarda Jack Conte sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarining sohadagi oʻrni haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Uning qayd etishicha, AI texnologiya sanoatini tubdan oʻzgartirgan boʻlsa-da, Patreon xodimlarni aynan robotlar bilan almashtirish niyatida emas. „Biz AI inson oʻrnini bosa oladi deb hisoblaganimiz uchun bu oʻzgarishlarga qoʻl urayotganimiz yoʻq“, — deya taʼkidladi kompaniya rahbari.Patreon strategiyasi inson ijodkorligi va oʻzaro muloqot qadriyatlariga asoslangan. Conte yangi texnologik vositalar qanchalik rivojlanmasin, ular insoniy mahorat, tanqidiy fikrlash va hissiy bogʻliqlikning oʻrnini bosa olmasligini eʼtirof etdi. Shunga qaramay, AI ish jarayonlarini tashkil etish, mahsulotlarni ishlab chiqish va aloqa usullarini oʻzgartirgani sababli, kompaniya oʻz operatsion tizimini yangilashga majbur boʻlgan.
Ishdan boʻshatilgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Patreon ularga kamida 16 haftalik ish haqi miqdorida tovon puli toʻlashni vaʼda qilmoqda. Shuningdek, xodimlar ishlagan har bir yili uchun qoʻshimcha bir haftalik toʻlov, yil oxirigacha tibbiy sugʻurta va yangi noutbuk sotib olish uchun 1500 dollar miqdorida stipendiya bilan taʼminlanadi.
Mualliflik huquqini himoya qilish choralari
Patreon soʻnggi paytlarda ijodkorlar huquqini himoya qilish yoʻnalishida ham faol qadamlar tashlamoqda. Xususan, oʻtgan haftada kompaniya Cloudflare bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt botlarini bloklash tizimini ishga tushirganini eʼlon qildi. Ushbu chora AI modellarini oʻqitish uchun ijodkorlarning ishlarini ruxsatsiz „skreyping“ qilish (maʼlumotlarni yigʻib olish) holatlariga chek qoʻyishga qaratilgan.Eslatib oʻtamiz, bu Patreon uchun birinchi bunday holat emas. 2022-yilda ham platforma oʻz xodimlarining 17 foizini qisqartirgan hamda Berlin va Dublin shaharlaridagi ofislarini yopishga majbur boʻlgan edi. Hozirgi qisqartirishlar texnologiya olamidagi umumiy tendensiyaning bir qismi boʻlib, koʻplab IT-gigantlar iqtisodiy samaradorlikni oshirish maqsadida shunday yoʻldan bormoqda.






























Izohlar 0
…