Samsung Galaxy S26 FE ilk bor jonli suratlarda namoyon boʻldi

Internet tarmogʻida Samsung kompaniyasining boʻlajak hamyonbop flagmani — Galaxy S26 FE modelining ilk real tasvirlari paydo boʻldi. Qurilma Wireless Power Consortium (WPC) maʼlumotlar bazasida SM-S741 katalog raqami bilan roʻyxatdan oʻtgan, bu esa smartfonning bozorga chiqishiga tayyorgarlik koʻrilayotganini tasdiqlaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Eʼlon qilingan suratlarga koʻra, Samsung qurilmaning umumiy brend uslubini saqlab qoladi, biroq asosiy kamera dizayniga oʻzgartirish kiritadi. Orqa paneldagi alohida linzalar oʻrniga Galaxy S26 FE modeli Galaxy Z Fold 7 uslubini eslatuvchi yaxlit kamera blokiga ega boʻladi. Yangi dizaynning oʻziga xosligi shundaki, kamera moduli deyarli korpus chetigacha yetib boradi, bu esa uni Galaxy A57 va kompaniyaning boshqa joriy modellaridan ajratib turadi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Galaxy S26 FE qurilmasi Exynos 2500 protsessori va 8 GB tezkor xotira bilan jihozlanadi. Shuningdek, ushbu model Samsung smartfonlari orasida qutidan Android 17 operatsion tizimi bilan chiqadigan ilk qurilmalardan biri boʻlishi kutilmoqda.
Taxminlarga koʻra, Galaxy S26 FE yangi buklamafonlar — Galaxy Z Fold 8, Galaxy Z Fold 8 Ultra va Galaxy Z Flip 8 bilan birga taqdim etiladi. Mish-mishlarga koʻra, taqdimot marosimi joriy yilning 22-iyul kuni boʻlib oʻtishi mumkin. Bozor tahlilchilari Galaxy Z Fold 8 uchun mutlaqo yangi iPhone Ultra asosiy raqib boʻlishini taxmin qilishmoqda.





























Izohlar 0
…