Evotrex quvvatlash stansiyasiga ehtiyoj sezmaydigan RV uchun 30 mln dollar yigʻdi

Evotrex startapi bor-yoʻgʻi ikki yildan beri faoliyat yuritayotgan boʻlsa-da, kelasi yili oʻzining ilk gibrid turdagi sayohat treylerlarini (RV) ishlab chiqarish va sotishni rejalashtirmoqda. Kompaniya yiliga taxminan 1000 dona texnika chiqarishni maqsad qilgan. Ushbu marraga erishish uchun Evotrex 30 million dollarlik A seriyali investitsiya raundini yakunladi va umumiy mablagʻ miqdorini 46 million dollarga yetkazdi. Sarmoyadorlar orasida GSR United Capital, Forebright Concerto Capital kabi Xitoy va Gonkong fondlari, shuningdek, mashhur Anker kompaniyasi ham bor. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Los-Anjelesda joylashgan ushbu startap jalb qilingan kapitalni oʻzining yangi RV modelini yakuniy sinovdan oʻtkazishga sarflaydi. Kompaniya oʻtgan yili maxfiylik rejimidan chiqqan edi va joriy yilda Consumer Electronics Show koʻrgazmasida oʻz ishlanmalarini namoyish etdi. Hozirda bozor ancha raqobatbardosh boʻlib, Thor va Winnebago kabi anʼanaviy ishlab chiqaruvchilar elektr modellar ustida ishlamoqda, biroq ular hali isteʼmolchilarga keng koʻlamda yetkazib berishni boshlagani yoʻq.
Evotrex asoschilaridan biri Alex Xiao raqobatdan qoʻrqmasligini va Anker kompaniyasidagi mahsulot menejeri sifatidagi tajribasi unga yordam berishini taʼkidladi. Lightship va Pebble kabi raqobatchilar toʻliq elektr treylerlarga eʼtibor qaratayotgan bir paytda, Evotrex gibrid tizimni tanladi. Bu tizim bortdagi benzinli dvigatel orqali quvvatlanadigan akkumulyator blokidan iborat boʻlib, u "kengaytirilgan masofali elektr transport vositasi" (EREV) deb ataladi.
Alex Xiaoning soʻzlariga koʻra, asosiy maqsad odamlarga uzoq vaqt davomida markaziy tarmoqlardan uzilgan holda yashash imkonini beruvchi texnika yaratishdir. Hozirda kompaniyaning PG5 RV modeliga boʻlgan buyurtmalarning 90 foizi 160 000 dollarlik Premium komplektatsiyaga toʻgʻri kelmoqda. Kompaniya yaqin 10-12 oy ichida mahsulotning chidamliligini sinovdan oʻtkazishga va mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga eʼtibor qaratadi.






























Izohlar 0
…