ASML Yevropaning yarimoʻtkazgichlar sohasidagi mustaqillik rejasini tanqid qildi

Dunyoning eng yirik litografiya uskunalari ishlab chiqaruvchisi ASML kompaniyasi Yevropa Ittifoqining yarimoʻtkazgichlar yetkazib berish zanjiriga faol aralashish gʻoyasiga qarshi chiqdi. Kompaniya rahbariyati sanoat mustaqilligiga oʻzining rivojlangan ishlab chiqarish bazasisiz erishib boʻlmasligini, mintaqada esa hozircha bunday imkoniyat yetarli emasligini taʼkidladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ASML bosh direktori Christophe Fouquet kompaniya biznesining asosiy qismi Osiyo boʻlimlariga toʻgʻri kelishini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, ASML daromadining qariyb 80 foizi osiyolik mijozlar hisobiga shakllanadi, Yevropa buyurtmachilari esa umumiy ulushning atigi 1 foizini tashkil qiladi. Bu koʻrsatkich global sanoatning real tuzilmasini aks ettiradi.
Fouquet Yevropa Ittifoqining nazoratni kuchaytirish boʻyicha tashabbuslari mintaqadagi mavjud cheklovlarni hisobga olishi kerakligini taʼkidladi. Uning fikricha, mahalliy ishlab chiqarish sezilarli darajada oʻsmasdan turib amalga oshiriladigan har qanday "suverenizatsiya" urinishlari teskari natija berishi — raqobatbardoshlikning pasayishi va texnologik kompaniyalarning Yevropadan chiqib ketishiga sabab boʻlishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari yaqinda chiplar yetkazib berish tartibini qatʼiylashtirishni taklif qilib, favqulodda vaziyatlarda logistika jarayonlariga aralashish huquqini qoʻlga kiritmoqchi ekanliklarini bildirishgan edi. Shu bilan birga, Elon Musk ham ASML haqida ijobiy fikr bildirib, uni Yevropadagi eng buyuk va hurmatga loyiq kompaniya deb atagan edi.
Eslatib oʻtamiz, ASML Yevropa tarixidagi eng qimmat kompaniyaga aylangan edi. Shuningdek, TSMC direktorlar kengashi raisi kompaniyaning konservativ yondashuvi tufayli keyingi avlod litografiya uskunalariga sarmoya kiritishni istamayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi.






























Izohlar 0
…