Starlink Paragvayning chekka hududlaridagi maktablarni internetga uladi

SpaceX kompaniyasi Paragvayning yuzlab qishloq maktablari va tibbiyot markazlarini Starlink sunʼiy yoʻldosh internetiga ulash boʻyicha keng koʻlamli loyihani boshladi. Mazkur loyiha mamlakat hukumati va COPACO davlat operatori bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Rejaga koʻra, ilgari barqaror aloqa boʻlmagan olis hududlarda 500 tagacha ulanish nuqtasi oʻrnatiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirgi vaqtga kelib, Chako mintaqasidagi Presidende-Aes va Bokerón provinsiyalarida 18 ta ulanish nuqtasi ishga tushirildi. Ayrim maktablarda, jumladan, tub joy aholi vakillari tahsil oladigan taʼlim muassasalarida internet tezligi 280 Mbit/s gacha yetmoqda, minimal kafolatlangan koʻrsatkich esa 200 Mbit/s ni tashkil etadi. Koʻplab aholi punktlari uchun bu zamonaviy internetdan foydalanish boʻyicha ilk imkoniyatdir.
Yangi infratuzilma raqamli taʼlimni kengaytirish, davlat ijtimoiy dasturlari ishini taʼminlash va tibbiyot muassasalarini milliy sogʻliqni saqlash tizimiga ulash imkonini beradi. Paragvay prezidenti Santiago Pena ushbu loyihani mamlakat taraqqiyoti va raqamli tengsizlikni qisqartirish yoʻlidagi muhim qadam deb atadi. 500 ta nuqtadan iborat tarmoqni toʻliq yoyish 2026-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Starlink Keniyadagi chekka maktablarni ham tarmoqqa ulagan edi. Shuningdek, ushbu texnologiya yordamida Boliviyaning 14 ta olis maktabidagi 1000 dan ortiq oʻquvchi va oʻqituvchilar yuqori tezlikdagi internetga ega boʻlishgan.





























Izohlar 0
…