AQSHda “sunʻiy Quyosh” yaratish yoʻlida muhim loyiha ishga tushirildi

AQSHning General Atomics kompaniyasi mamlakat Energetika vazirligi bilan hamkorlikda termoyadroviy energetika uchun noyob sinov majmuasini ishlab chiqishga kirishdi. Blanket Component Test Facility (BCTF) deb nomlangan yangi obʻekt kelajakdagi termoyadroviy elektr stansiyalarining eng muhim elementlaridan biri — blanketlarni toʻliq miqyosda sinovdan oʻtkazadigan dunyodagi birinchi ixtisoslashtirilgan maydonchaga aylanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Termoyadroviy energetika deyarli tuganmas toza energiya manbai hisoblansa-da, sanoat reaktorini yaratish shunchaki qizigan plazmani ushlab turishdan koʻra ancha murakkabroqdir. Reaktorning ichki devorlari ekstremal harorat va yuqori energiyali zarralar oqimiga bardosh berishi kerak. Aynan shu vazifani plazma atrofida joylashtiriladigan maxsus modullar — blanketlar bajaradi. Ular issiqlikni yutib, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun sovutish tizimiga uzatadi hamda termoyadroviy sintez uchun asosiy yoqilgʻi boʻlgan tritiy izotopini ishlab chiqarishda ishtirok etadi.
Kelajakdagi BCTF majmuasi muhandislarga ushbu tizimlar issiqlikni qanchalik samarali chiqarishi va real elektr stansiyasi sharoitida yoqilgʻi ishlab chiqarish barqarorligini tekshirish imkonini beradi. Loyiha doirasida Aydaxo milliy laboratoriyasi, Yaponiyaning Kyoto Fusioneering kompaniyasi va Kaliforniya universiteti kabi nufuzli ilmiy hamda sanoat hamkorlari birlashgan.
Sinov majmuasi San-Diegodagi General Atomics magnit texnologiyalari markazida joylashadi. Taʻkidlash joizki, ushbu maydonchada avvalroq Fransiyada qurilayotgan dunyodagi eng yirik ITER eksperimental termoyadroviy reaktori uchun markaziy solenoid tayyorlangan edi. Yangi loyiha tijoriy termoyadroviy elektr stansiyalarini yaratishdagi texnik xavflarni kamaytirish va jarayonni sezilarli darajada tezlashtirishga xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…