Toshkent ko‘chalarida robot-kuryerlar sinovi boshlandi

Toshkent shahri ko'chalari va piyodalar yo'laklarida Yandex Uzbekistan kompaniyasining avtonom robot-kuryerlari sinovdan o'tkazila boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan ushbu g'ayrioddiy qurilmalar maxsus dastur yordamida mustaqil harakatlanib, manzilga yetib borishga mo'ljallangan. Yaqin kunlarda mazkur yuqori texnologiyali roverlar Yandex Lavka xizmati orqali buyurtmalarni mijozlarga yetkazib berishni boshlaydi.
So‘nggi kunlarda Toshkent aholisi piyodalar yo‘laklarida inson ishtirokisiz harakatlanayotgan g‘ayrioddiy robotlarni ko‘proq uchratmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ushbu avtonom qurilmalar aks etgan videolar keng tarqalib, foydalanuvchilarning qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Yandex Uzbekistan kompaniyasining yangi avtonom robot-kuryerlari bo‘lib, ayni paytda poytaxt ko‘chalarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Robotlar maxsus dastur yordamida mustaqil harakatlanadi va piyodalar yo‘laklari bo‘ylab manzilga yetib borishga mo‘ljallangan.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda ushbu yuqori texnologiyali roverlar Yandex Lavka xizmati orqali buyurtmalarni mijozlarga yetkazib berishni boshlaydi. Hozircha loyihaning to‘liq ishga tushirilish sanasi rasman e’lon qilinmagan.
Dasturchilar jamoasi yaqin vaqt ichida loyiha bo‘yicha barcha tafsilotlarni ochiqlashini bildirgan. Agar sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, Toshkent Markaziy Osiyoda robot-kuryerlar kundalik hayotning bir qismiga aylangan ilk shaharlardan biriga aylanishi mumkin.





























Izohlar 0
…