Mudofaa texnologiyalari giganti Anduril qiymati 100 milliard dollarga yetishi kutilmoqda

AQSHning mudofaa texnologiyalari sohasidagi eng yirik startaplaridan biri boʻlgan Anduril kompaniyasi yangi investitsiya bosqichi arafasida turibdi. Reuters agentligining oʻz manbalariga tayanib xabar berishicha, mazkur moliyalashtirish kampaniyasi kompaniya bozor qiymatini qariyb 100 milliard dollarga yetkazishi mumkin. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichlardan deyarli uch barobar koʻp demakdir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya joriy yilning may oyida 5 milliard dollar investitsiya jalb qilgan va oʻshanda uning kapitallashuvi 61 milliard dollarni tashkil etgan edi. Yangi reja ikki bosqichli jarayonni koʻzda tutadi: birinchi bosqichda joriy narxlarda mablagʻ yigʻilsa, ikkinchi bosqichda investorlar yanada yuqori bahoda ulush sotib olishadi. Har ikki transh yil yakuniga qadar yopilishi kutilmoqda.
Zamonaviy urush uslubining oʻzgarishi va talabning ortishi
Anduril va shunga oʻxshash harbiy texnologik startaplarning bunday shiddatli oʻsishi bejiz emas. Dunyoda, xususan, Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropadagi qurolli mojarolar dronlar, avtonom tizimlar va sunʼiy intellektning (AI) zamonaviy jang maydonidagi rolini tubdan oʻzgartirdi. Anʼanaviy qimmatbaho texnikalardan koʻra, arzonroq va oson almashtiriladigan "aqlli" tizimlarga boʻlgan talab keskin oshgan.Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning birinchi yarmida mudofaa texnologiyalari sektoriga kiritilgan venchur investitsiyalar hajmi ikki barobarga oshib, 12 milliard dollardan oshib ketdi. Bu butun 2025-yil davomida soha startaplari jalb qilgan 10 milliard dollarlik koʻrsatkichdan ancha yuqori. Anduril hozirda AQSH Mudofaa vazirligi, Harbiy-havo kuchlari, NATO, shuningdek, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Polsha kabi davlatlar bilan yirik shartnomalarga ega.
Arzon va samarali qurollar davri
Sohadagi yangi tendensiya — "attritable" yaʼni yoʻqotilishi unchalik katta zarar keltirmaydigan, ommaviy ishlab chiqariladigan arzon texnikalarga oʻtishdir. Shield AI va Helsing kabi boshqa kompaniyalar ham ushbu yoʻnalishda yuz millionlab dollarlik investitsiyalarni jalb qilmoqda. Masalan, Mach Industries rahbari Itan Torntonning taʼkidlashicha, Ukraina mojarosi avtonom dronlarning anʼanaviy qimmat qurollardan samaraliroq ekanini isbotladi.Anduril oʻzining ishlab chiqarish zanjirini mustahkamlash maqsadida raketa dvigatellari uchun qattiq yoqilgʻi ishlab chiqarish quvvatlarini ham kengaytirmoqda. Pentagon ushbu saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlab, logistik muammolarni bartaraf etish uchun kompaniyaga moliyaviy koʻmak bermoqda. Kompaniya daromadlari ham oʻsishda davom etmoqda: 2025-yilda tushum oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar ortib, 2,2 milliard dollarni tashkil etgan.
Anduril investorlari orasida dunyoga mashhur Thrive Capital, Andreessen Horowitz va Founders Fund kabi fondlar bor. Shuningdek, AQSH vitse-prezidenti JD Vance ham kompaniyaning dastlabki investorlaridan biri hisoblanadi. Hozircha Anduril vakillari yangi investitsiya bosqichi boʻyicha rasmiy izoh berishdan bosh tortishgan.






























Izohlar 0
…