Mask ko‘zi ojiz insonlarga ko‘rish imkonini beruvchi qurilmani taqdim etdi

Mask ko‘zi ojiz insonlarga ko‘rish imkonini beruvchi qurilmani taqdim etdi

Ilon Mask asos solgan Neuralink kompaniyasi ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan yoki tug‘ma ravishda ko‘rmaydigan insonlarga yordam berishga mo‘ljallangan Blindsight qurilmasini ishlab chiqdi. Maskning ma’lum qilishicha, qurilma texnik jihatdan tayyor, endi uni insonlarda sinash uchun tegishli idoralardan ruxsat olish kerak. Bu haqda u 30 oktyabr kuni X sahifasida yozdi.

Blindsight maxsus kamera orqali olingan tasvirlarni bevosita miyaning ko‘rish uchun mas’ul qismi — ko‘rish po‘stlog‘iga uzatishga mo‘ljallangan. Bunda qurilma shikastlangan ko‘zlar va ko‘ruv nervlarini chetlab o‘tib, miyaga vizual axborot yetkazadi.

AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) 2024 yil sentyabrida ushbu qurilmaga “Breakthrough Device” maqomini bergan. Bu maqom texnologiyani tekshirish va ruxsat olish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi, ammo uning xavfsizligi va samaradorligi tasdiqlanganini anglatmaydi.

Hozircha qurilma insonlarda sinalmagan. Neuralink hayvonlarda tajribalar o‘tkazganini, jumladan, 2025 yil o‘rtalarida maymunlardan biri implant bilan uch yildan beri yashayotganini bildirgan.

Mask kompaniyaning Telepathy texnologiyasini ham eslatdi. U falaj insonlarga miya signallari orqali kompyuterni boshqarish imkonini beradi. Kelajakda esa miya signallarini qo‘l-oyoqlarga uzatib, harakatlanish qobiliyatini yo‘qotgan bemorlarga yordam berish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar