16:09 / 21.08.2017
14 822

Narxiga munosib hamyonbop Android-smartfonlar – TOP-8

Narxiga munosib hamyonbop Android-smartfonlar – TOP-8
So‘nggi yillarda smartfon bozorida pala-partishlik ko‘zga tashlanmoqda. Hamyonbop va flagmanlarga xos jihatlar joriy qilingan smartfonlarning taqdim qilinishi xaridorlarni chalg‘itmoqda. Xiaomi, Meizu va boshqa kompaniyalar ba’zi funksiyalariga ko‘ra Galaxy S8 kabi qimmat flagmanlar bilan bellasha oladigan hamyonbop smartfonlarni ishlab chiqarmoqdalar. Shu bilan birga, taniqli brendlar o‘ziga yarasha smartfonlarni qimmat narxda sotishni afzal ko‘rishmoqda. Quyida e’tiboringizga yaxshi, nisbatan arzon 8 ta Android-smartfonlarni taqdim qilamiz.

Doogee X9 Mini

Aliexpress savdo platformasidagi eng arzon smartfonlardan biri bo‘lgan Doogee X9 Mini 60$ dollarga arziydi.

Qulay, shakldor metall korpus, tezkor ishlaydigan barmoq izlari skaneri, pishiq himoya shishasi, 5 dyuymli va IPS-displeyli HD (1280 x 720 pikselli) ekrani bilan Doogee X9 Mini yaxshi gadjet. Ekranga dog‘-dug‘ga qarshi qoplama ham yotqizilgan.

Arzon beillat bo‘lmas, deyishga shoshilmang. Doogee X9 Mini Mediatek MT6580 chipi, MaliT400MP2 video-kartasi, 1 Gb tezkor va 8 GB doimiy xotira, 5 megapikselli kamera, 2000 mA soat tok sig‘imli akkumulyatori, Android Marshmallow tizimi va 3G tarmog‘ida ishlashi bilan o‘ziga xos.

Xiaomi Redmi 4a

74 AQSh dollaridan sotuvga chiqqan Xiaomi Redmi 4A 5 dyuymli, HD sig‘imli IPS ekran, 13 MPli (f/2.2) asosiy va 5 Mpli old kamera, to‘rt yadroli Snapdragon 425 prosessori va 2 GB tezkor xotira bilan jihozlangan. Doimiy xotirasining sig‘imi 16 GB, biroq uni microSD yordamida 128 GBgacha kengaytirish mumkin. Batareyaning sig‘imi – 3120 mA/soat. Garchi qurilmaga barmoq izi skaneri o‘rnatilmagan bo‘lsa-da, biroq u IK-port va 4G modul bilan ta’minlangan.

Meizu M5s

Smartfon 5,2 dyuymli, uning displey sig‘imi HD (720 x 1280 piksel). Ekran 2.5D turidagi silliq hoshiyali himoya shishasi bilan qoplab olingan. Gadjetdagi bosh kamera 13 megapikselli. Kamera fazali avtofokus tizimi va ikki tusli fotochaqnoqqa ega. Telefonda 5 megapikselli old kamera mavjud.

Hamyonbop smartfonga 1,3 GGs chastota tezligida ishlaydigan 8 yadroli MediaTek MT6753 prosessori, Mali-T760 grafik-tasvir chipi o‘rnatilgan. Gadjetning operativ xotirasi 3 GB hamda doimiy ichki xotira versiyasidan kelib chiqib, 16 yoki 32 GB.ni tashkil qiladi. Bu xotirani kengaytirish uchun qo‘shimcha fleshka uchun microSD bo‘lmachasi tashkil qilingan.

Meizu M5s akkumulyator 3 000 mA soat quvvat sig‘imiga ega. Undagi mCharge 18w texnologiyasi smartfonga tezkor quvvat olish imkonini tug‘diradi.

Oukitel U15S

100 AQSh dollariga ham yaxshi chipga ega smartfon sotib olish mumkin. Misol uchun, Oukitel U15S smartfoni. Internet savdo platformalarida 105$ dollardan sotilayotgan bu gadjet — chinakam hamyonbop.

FHD displey, 4Gb tezkor va 32 Gb doimiy xotira, metall korpus hamda Helio P10 MTK6750 prosessori o‘rnatilgan boshqa bunday arzon smartfonni uchratish qiyin.

Uning nima kamchiligi borligiga qiziqishingiz tabiiy. Bu avtonom faoliyat, ya’ni akkumulyator sig‘imining kichikligi. 2 700 mA soat tok sig‘imiga ega "quvvat toshi" bugungi faol foydalanuvchi uchun kamlik qiladi. Ustiga-ustak FHD-displeyli smartfon uchun!

Meizu M5 Note

21 soniyada million dona sotilgan mobil aloqa vositasi haqida eshitganmisiz? To‘g‘ri angladingiz, bu -- Meizu M5 Note. 2016 yilning kuzida taqdim qilingan smartfonning eng oddiy versiyasi uchun 130 dollar narx belgilangan.

5 dyuymli FHD ekran, sakkiz yadroli Helio P10 prosessori, 2/3/4 GB operativ, 16/32/64 GB (uch xil modifikasiyada) doimiy xotira, 13 va 5 MPli kameralarga ega bo‘ladi. Akkumulyatorning sig‘imi ancha yirik – 4000 mA/soat.

To‘liq metall korpusli devaysning birinchi partiyasi Jingdong (JD.com) onlayn-do‘konida 2016 yilning 8 dekabrida sotuvga chiqarilgan. Gizmo China saytida berilgan xabarga ko‘ra, xaridorlar tomonidan 21 soniya ichida million dona Meizu M5 Note smartfoni sotib olingan.

Xiaomi Redmi Note 4X 

Xiaomi Redmi Note 4X – cho‘ntak ko‘taradigan narxdagi yangi ilg‘or smartfon bo‘lib, undagi sifatli tasvirga oluvchi kamera hamda keng quvvat sig‘imiga ega akkumulyator ko‘pchilik xaridorlar uchun ayni muddao.

Xiaomi Redmi Note 4X gadjeti zamonaviy 8 yadroli Snapdragon 625 prosessori bilan ta’minlangan. Unda Cortex-A72 yadrosidan foydalanilgani prosessorning samaradorligini yanada oshiradi. Gadjetning tezkor xotirasi sig‘imi 3 gigabayt. Shuningdek, smartfonda 32 GB sig‘imli doimiy ichki xotira mavjud.

“Aqlli telefon” 5,5 dyuymli ekranning tasvir sig‘imi Full HD, ya’ni 1920×1080 pikselga teng. Xiaomi Redmi Note 4X’da bosh kamera 13 Mp, old kamera 5 Mp sig‘imli. Xiaomi Redmi Note 4X akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 4100 mA soat. Smartfonda SIM-karta qo‘yishga mo‘ljallangan ikki bo‘lmacha mavjud.

Xitoyda Xiaomi Redmi Note 4X 141 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Xiaomi Mi5, Mi5s va ZUk Z2 Pro

2016 yilda Xitoyda taqdim qilingan ba’zi bir flagmanlar vaqt o‘tgani sayin arzonlashmoqda. Ular bugun ham ilg‘or jihatlari bilan peshqadam. Shu bilan birga, narx borasida ancha insof doirasida.

Misol uchun, bugun 230 – 270$ dollarga Xiaomi Mi5, Mi5s hamda ZUk Z2 Pro xarid qilish mumkin. Bu pul evaziga kuchli prosessor, sifatli ekran va yaxshi kameraga ega smartfonlarga ega bo‘lasiz.

Shu bilan birga, 2017 yilda taqdim qilingan va 220 AQSh dollariga baholangan Xiaomi Mi5x ham yaxshi tanlov.

Xiaomi Mi Max 2 

Mi Max'ning 2-avlodi benuqson alyuminiy korpusli dizaynda ishlab chiqarildi. Xitoyda uni $240 dollardan xarid qilish mumkin. Undagi 6,44 dyuymli Full HD (1920x1080 pikselli) ekran 2,5D shaklidagi himoya va bezak shishasi bilan qoplangan. Ekran atrofidagi qora hoshiya nisbatan yupqalashgan.

Mi Max 2 uchun smartfon sanoatida yangi bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 625 chipidan foydalanilgan. Fablet 4 gigabaytli tezkor va 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega. Xotirani kengaytirish imkoni beriladi.

Mi Max 2'ning tom va quyi qismida stereodinamiklar ham o‘rnatilgan. Mi Max 2'ning yirik -- 5300 mA soat tok sig‘imiga ega batareyasi 2 kunga etadi. Ustiga-ustak bu akkumulyator Quick Charge 3.0 tezkor quvvat olish texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu "quvvat tosh" 1 soatda quvvatini bir kam 70 foizga to‘ldiradi.

Manba: Terabayt.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Narxiga munosib hamyonbop Android-smartfonlar – TOP-8