18:42 / 27.09.2017
4 430

Panasonic 125 dollarga kuchli chaqnoqli smartfon chiqardi

Panasonic 125 dollarga kuchli chaqnoqli smartfon chiqardi
Biz har kuni eshitib, o‘qib yurgan mashhur smartfonsozlarning ko‘pfunksiyali qimmatbaho flagmanlaridan tashqari, foydalanuvchilarning haqiqiy ehtiyojlariga mos holda ishlab chiqarilayotgan hamyonbop smartfonlar ham mavjud. Panasonic kompaniyasining Eluga I4 rusumli devaysi aynan ana shular qatoriga kiradi. Bu haqda «AppleInsider» nashriga tayanib «Terabayt.uz» xabar berdi.

26 sentyabr kuni Hindistonda taqdim etilgan bu gadjet Eluga I3 modelining bevosita davomchisidir. 4G VoLTE texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi yangi smartfon MediaTek chipseti bazasida, Android Nougat operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Hamyonbopligiga qaramasdan, Eluga I4 xususiyatlari hozirgi zamon foydalanuvchisining smartfonga qo‘yadigan barcha talablarini qondira oladi.

Eluga I4’ning diagonali 5 dyuymlik ekrani HD (1280 x 720 pikselli) sifatiga ega bo‘lib, qayrilma 2,5D-shisha bilan qoplangan. Smartfonga 1,25 gigagerslik takt chastotasida ishlovchi to‘rt yadroli 64 bitlik markaziy protsessor hamda Mali-T720 grafik protsessorini o‘z ichiga oluvchi MT6737 chipseti o‘rnatilgan.

Panasonic’ning bu yangi smartfoni doimiy xotirasi 16 gigabaytlik hajmga ega. Ko‘pchilik foydalanuvchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, gadjetda 128 gigabaytgacha hajmdagi microSD xotira kartasi uchun slot ham ajratilgan. Hamyonbop bu qurilmaning tezkor xotirasi 2 gigabaytni tashkil etadi.

Devaysning asosiy kamerasi 8 megapikselli, ammo uning ustunligi boshqa tomonda. Sifatli suratga olishi uchun, kameraga yordamchi sifatida to‘rtta diodli LED-chaqnoq ham o‘rnatilgan. Selfi uchun esa ekranning tepasida 5 megapikselli kamera joylashtirilgan.

«Home» tugmachasida joylashgan barmoq izi skaneri ham yaqin-yaqinlargacha nisbatan qimmatbaho smartfonlarga tatbiq etib kelingan detallardan biridir.

Eluga I4 qurilmasi ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi, unda yana simsiz aloqaning WiFi 802.11 b/g/n, Bluetooth 4.0, GPS hamda USB OTG kabi interfeyslari mavjud. Telefonning vazni 150,7 grammga teng, o‘lchamlari esa 146,7 x 71,3 x 8,3 millimetrni tashkil etadi. Uning akkumulyatori 3000 mA/soat sig‘imga ega.

Panasonic Eluga I4 iste’molchilarga korpusining tusiga ko‘ra uchta – tillarang, ko‘k va qora ranlarda taklif etiladi. Uning narxi esa 8290 rupiy bo‘lib, bu 125 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Smartfonni Hindistondagi onlayn va offlayn-do‘konlardan, Panasonic kompaniyasi do‘konlaridan xarid qilish mumkin.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Panasonic 125 dollarga kuchli chaqnoqli smartfon chiqardi