12:50 / 10.12.2017
5 327

iPhone X xaridida tejamoqchi bo‘lganlarga aldab Android-klon sotishdi

iPhone X xaridida tejamoqchi bo‘lganlarga aldab Android-klon sotishdi
Apple’ning superflagmani – iPhone X’ning eng arzon modifikatsiyadagi varianti narxi 1000 AQSh dollariga teng. Ha, hatto eng arzoni ham ozmuncha pul turmaydi, shu bois sal tejamkorroq variant chiqib qolsa ayrim xaridorlar yo‘q deyishmaydi. Biroq firibgarlar ham bundan foydalanib qolishga hamisha tayyor turishadi.

AQShning Arizona shtatida yashovchi Jessi Arnold ham iPhone X xaridida sal tejash yo‘llarini qidirib qoldi. Natijada u aldanib, yubiley ayfoni o‘rniga Android tizimida ishlovchi klonni qimmat narxga sotib oldi, deb yozadi ABC15 nashri.

Xabarda aytilishicha, oilaviy juftlik OfferUp onlayn savdo platformasida o‘zlariga smartfon izlashgan. Er 880 dollarga yangi iPhone X sotilayotganligi haqidagi yozuvga duch kelgan. Ayni shu sotuvchida 27 ta sotuv qaydi turar va xaridorlar tomonidan u haqida faqatgina ijobiy taqrizlar yozilgan ekan. Narx ham ma’qul bo‘lgach, ular sotuvchi bilan uchrashishga va smartfonni xarid qilishga kelishib olishdi.

Yuzma-yuz uchrashuv chog‘ida xaridorlar smartfon qadog‘idagi seriya raqamini tekshirib ko‘rishdi – hammasi joyida. Hisob-kitob qilingach, xotirjam va xursand holda uyga qaytishdi.

Ammo hammasi shundan keyin – smartfonni faollashtirishga urinishganida ma’lum bo‘ldi. U faollashmadi, tizimni simsiz yangilashga harakat qilishganida esa, uning Android-interfeysga ega ekanligini payqab qolishdi!

Chuv tushganini kech bilgan er-xotin sotuvchi bilan bog‘lanishga harakat qilishdi, ammo barchasi besamar ketdi – u aloqaga chiqmadi. Shunday qilib, ozgina pulni tejashga uringan xaridorlar ko‘pgina pulga “kuyib” qolishdi.

Mazkur smartfonning ishlashini voqea haqida ABC15 sayti tomonidan ishlangan quyida videolavhada tomosha qilishingiz mumkin:

Xullasi kalom, onlayn savdolar masalasida o‘ta ehtiyotkor va e’tiborli bo‘lgan ma’qul. Bu borada firibgarlik holatlariga o‘zimizda ham duch kelingan.

Manba: Terabayt.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » iPhone X xaridida tejamoqchi bo‘lganlarga aldab Android-klon sotishdi