08:30 / 03.07.2018
5 878

Innovatsiya: Allergiyaga qarshi qopqonlar, mikrochiplar… va molekulyar tahlillar

Innovatsiya: Allergiyaga qarshi qopqonlar, mikrochiplar… va molekulyar tahlillar
Foto: “Scientific Route”
Innovatsion rivojlanish vazirligi molekulyar allergologiya va immunologiya bo‘yicha yetakchi tibbiy universitetlar va universitetlarning xalqaro tarmog‘i (INUNIMAI) bilan hamkorlikda so‘nggi rusumdagi ekologik gulchangi qopqonlarini o‘rnatish, allergen o‘simliklar changlari konsentratsiyasini kuzatish va bu haqda muayyan hududdagi allergopatologiyasi bor bemorlarga ma’lumot berishni nazarda tutuvchi aerobiologik monitoring tizimini yaratishga kirishildi. Mazkur tizimning kiritilishi allergiyaning og‘ir asoratlarini oldini olishga xizmat qiladi.

2018 yilning 1 sentyabriga qadar Toshkent va Samarqand shaharlarida bittadan shunday gulchangi qopqonlari o‘rnatiladi, keyinchalik esa respublikamizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan. To‘plangan ma’lumotlar esa muntazam ravishda tele-radiokanallar, telekommunikatsiya operatorlari hamda Internet tarmog‘i orqali tarqatiladi.

Shuningdek, Innovatsiya vazirligi o‘ta zamonaviy biologik mikrochiplarni qo‘llash orqali allergik kasalliklarning diagnostikasi bo‘ycha sinov loyihasi amalga oshirib, keyinchalik bu chiplarni O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yishi nazarda tutilgan.

Yana bir muhim vazifalardan biri esa Innovatsiya vazirligi qoshida Xalqaro molekulyar allergologiya va immunologiya markazini tashkil qilishdir. E’tiborli jihati, bu markaz xalqaro ilmiy-amaliyot me’yorlariga to‘liq javob beradigan GLP, GSP laboratoriyalari bilan jihozlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Molekulyar allergologiya va immunologiya bo‘yicha universitetlarning xalqaro tarmog‘i vitse-prezidenti Viktoriya Garib yuqori malakali xorijiy mutaxassis sifatida jalb qilindi. Bu tarmoq 2013 yili Avstriya poytaxti Venada tuzilgan bo‘lib, u molekulyar allergologiya va immunologiya sohasida yangi texnologiyalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlovchi oliy ta’limdan keyingi ta’lim bilan shug‘ullanuvchi muassasa hisoblanadi.

Professor Viktoriya Garibni mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishiga o‘z hissasini qo‘shishi kutilmoqda. U yurtimizda allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash hamda profilaktika qilish sohasidagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘mak beradi.

Xususan, molekulyar darajada allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratish zaruriyati paydo bo‘lgan. Negaki, tibbiyot muassasalarini davolash-diagnostika allergenlari bilan ta’minlashdagi kamchiliklar tibbiyot amaliyotida antibiotiklar, antigistamin va gormonal dori vositalarining asossiz ravishda keng qo‘llanilishiga olib kelmoqda. Bu o‘z navbatida ikkilamchi kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun: Dunyodagi tibbiyot bo‘yicha eng nufuzli 14 universitetni qamrab oluvchi tarmoqning rahbari — tibbiyot fanlari doktori, professor Viktoriya Garib asli o‘zbekistonlik, Toshkent tibbiyot institutining bitiruvchisi. U uzoq yillar Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida faoliyat yuritgan. Bugungi kunga kelib esa Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyoda soha bo‘yicha ilmiy-amaliy va ta’lim dasturlariga rahbarlik qiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Innovatsiya: Allergiyaga qarshi qopqonlar, mikrochiplar… va molekulyar tahlillar