4 345
«Oyiga 5 000 – 7 000 AQSH dollarigacha daromad topyapman!..» Frilanser Sardor Islomov bilan suhbat
Foto: Xabar.uz
Frilanserlik ortidan oyiga 7 000 AQSH dollarigacha daromad topayotgan yosh dasturchi Sardor Islomov bilan «Xabar.uz» suhbat uyushtirdi.
Hozirgi kunda u Payme kompaniyasida mobil dasturchi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Sardor bilan suhbatimiz ITga qiziqishi, frilanserlik, yosh dasturchilarga tavsiyalari va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.
– Sardor IT-sohasini tanlashingizga aynan nimalar sabab bo‘lgan?
– Ochig‘i, bolaligimda mashina konstruktori bo‘lishni orzu qilganman. Ya’ni, ulg‘ayib «General Motors Uzbekistan» kompaniyasida yetakchi injiner sifatida ishlayman, deb o‘ylardim.
Shu boisdan maktabni tamomlab, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti qoshidagi akademik litseyga o‘qishga kirdim va u yerda matematika, fizika fanlari hamda ingliz tilini chuqur o‘rgana boshladim. Litsey davridagi 3 yillik harakatlarim o‘z samarasini ko‘rsatib, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga grant asosida qabul qilindim.
Biroq o‘sha yili yaqin do‘stim Toshkentdagi Inha universiteti haqida ancha iliq fikrlarni aytib qoldi. U universitet qoshidagi o‘quv markazida tahsil olar edi. Uning o‘qish muhiti, professor-o‘qituvchilarning dars o‘tish metodi to‘g‘risidagi gaplari meni ham qiziqtirib qo‘ydi.
O‘sha payt universitetda tashkil qilingan Google I/O 2015 konferensiyasida ishtirok etib, do‘stimning gaplari to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘ldim. Shundan so‘ng, mazkur ta’lim dargohiga o‘qishga kirishga va o‘z hayotimni IT-sohasi bilan bog‘lashga qaror qildim.
2019 yili Inha universitetining Dasturiy injinering yo‘nalishini tamomladim.
Hozirgi kunda Payme kompaniyasida mobil dasturchi sifatida ishlab kelyapman.
– Frilanserlik faoliyati qachondan boshlagan?
– Frilanserlik faoliyatim bakalavr davridan boshlangan. O‘sha vaqtlari universitetdagi bir do‘stim bu yaxshi soha ekanligi va qanday qilib frilanser bo‘lish hamda qayerdan loyihalar olishni o‘rgatgan. U ko‘pincha ruslar bilan ishlardi va boshida menga o‘zining mijozlaridan bir nechtasini berdi. Shunday qilib, katta-kichik dasturiy loyihalar qila boshladim.
Boshlanishida biroz qiynaldim, lekin mashaqqatsiz natijaga erisholmasligimni to‘g‘ri tushunganman. Sekin-asta katta loyihalarni ham muvaffaqiyatli yakunlashni o‘rgandim.
Keyin o‘zimga savol berdim: qanday qilib, Yevropa, AQSHdagi mijozlar bilan ishlasam bo‘ladi? Buni uddalay olamanmi?
Sababi ularda juda ko‘p qiziq loyihalar bor bo‘lib, bajarish evaziga yaxshigina haq to‘lashadi.
Keyinroq, Toptal, Fiverr, Upwork va Stringflix kabi platformalaridan loyihalar ola boshladim. Mazkur platformalardan oyiga 5 000 AQSH dollaridan 7 000 AQSH dollarigacha daromad topyaman.
Sardor Islomov. Foto: Xabar.uz
– Frilanserlikning o‘zi nima ekanligini ko‘plar bilavermaydi. Sizningcha, bunda nimani tushunish kerak?
– O‘ylashimcha, barcha soha vakillari frilanser bo‘la oladi. Masalan, yozuvchi, videomontajchi, oshpaz, jurnalist, huquqshunoslar ham frilanserlik qilishi mumkin. Shuning uchun uni faqatgina dasturlash sohasi bilan bog‘lash kerak emas. Ammo dasturlash sohasi frilanserlikni juda ommabop qilib yubordi.
Aslida, frilanserlik bu – biror bir kasb egasining ma’lum bir shirkat yoki korxonaga bevosita bog‘liq bo‘lmasdan, mustaqil ravishda loyihalar va vazifalarni belgilangan muddat hamda mablag‘ evaziga qilib berishi hisoblanadi.
Koronavirus pandemiyasi davrida frilanserlikka e’tibor kuchaymoqda. Bu yurtimizda ham o‘z o‘zini band qilish orqali aholining kambag‘al qatlamini kamaytirishga yordam beradi.
– Bugungi kunda O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli startaplardan biri – Payme kompaniyasida ham ishlayapsiz. Mazkur kompaniyadagi vazifangiz o‘zi nimadan iborat?
– Payme kompaniyasida 2019 yilning iyun oyidan mobil dasturchi sifatida ish boshlaganman.
Kompaniyaga asli 2014 yili Sarvar Ro‘zmetov va Oleg Gevergeslar asos solishgan.
Kompaniyamiz hozirgi kunda hammaga oddiy hisoblangan kartadan kartaga pul o‘tkazish, kommunal to‘lovlar, xususan gaz, elektr, internet, telefon, jarima va shu kabilarga onlayn to‘lovni mobil ilova orqali amalga oshirish xizmatini taqdim etadi.
Asoschilarning aytishicha, avvalboshida mobil ilovaga hech kim ishonmagan. Ammo ular o‘z loyihalariga sodiq qolib, ilovani bozorga taklif qilishgan va u bugungi kunda kutilgan natijaga erishdi.
– Suhbatimiz avvalida frilanserlik ortidan yaxshi daromad topayotganingizni aytdingiz. Bunga erishish oson bo‘lmagan bo‘lsa kerak?
– Albatta, bu natijaga erishish oson kechgani yo‘q. Bunga erishish uchun men 3 yil davomida dam olish kunlari uyda mustaqil dasturlash bilimlarini, xususan internetdan 6 oy davomida 100-150 AQSH dollar bo‘lgan dasturlash kurslarini sotib olib o‘rgandim. Qimmatli vaqtimni to‘g‘ri taqsimlashga, behuda sarflamaslikka harakat qildim. Umuman, 3 yil davomida 12-14 soatlab o‘z ustimda ishladim. Ingliz tilini yanada chuqur o‘rganishga intildim. Negaki, dasturlash va ingliz tili bir biriga chambarchas bog‘liq. O‘sha vaqtlar ochig‘i odamlar bilan kam muloqot qilishga to‘g‘ri kelgan.
Lekin biror nimaga erishish uchun, nimadandur voz kechish kerak. Shunda ko‘zlangan natijaga erishiladi.
– Mamlakatimizda sohangizning yanada rivojlanishi uchun qanday takliflar bera olasiz?
– Yurtimizda frilanserlar uchun sharoitlar yaxshilanmoqda. Misol uchun frilanserlar soliqlardan ozod qilindi. Bu imkoniyat shaxsan o‘zimni xursand qildi.
O‘ylaymanki, bu holatni yanada yaxshilash mumkin. Masalan, o‘zbek tilida dasturlashga oid kurslar va kontentlarni ko‘paytirishni taklif qilgan bo‘lardim. Sababi ko‘pchilik bolalar ingliz tilini bilmaydi.
Keyin mavjud dasturlash kurslari haqidagi targ‘ibotni kuchaytirish zarur. Boisi birgina IT Parkning dasturlashga doir bepul kurslari bor. Ammo buni ko‘pchilik bilavermaydi.
Shuningdek, pullik dasturlash kurslarini arzonlashtirish tarafdoriman. Chunki, aksariyat o‘quv markazlarida dasturlashga oid kurslar o‘rtacha 1 – 2 millionni tashkil etadi. Bu nazarimda juda qimmat.
Shuningdek, dasturlashni o‘rganish uchun albatta kompyuter kerak. Shuning uchun dasturlashga mos keluvchi kompyuter va shu kabi qurilmalarni bojxona to‘lovlaridan ozod qilish yoki kamaytirish zarur. Bu boradagi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yaxshi samara beradi, deb o‘ylayman.
Shu bilan birga, internet narxlarini arzonlashtirish, tezligini oshirish va uning ko‘lamini chekka hududlarga qadar kengaytirish, coworking markazlarni ko‘paytirish kabilarni ham sanab o‘tishim mumkin.
– IT-sohasiga kirib kelmoqchi bo‘lgan va frilanserlik qilish niyatidagi yoshlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
- Yosh dasturchilarga tavsiyam: vaqtni to‘g‘ri taqsimlang. Masalan, 2 yil davomida kuniga 14 soatdan o‘z ustingizda ishlasangiz, shu vaqt mobaynida 7 soat o‘z ustida ishlagan odamdan siz 2 yil oldinda bo‘lasiz. O‘z sohangizning yetkachi mutaxassisi bo‘lish uchun unga kamida 10 000 soat vaqt ajrating.
Iloji boricha ko‘proq ma’lumotlarni internetdan mustaqil o‘rganing. 2-3 oyda nazariy ma’lumotga ega bo‘lgandan keyin mahalliy firma va korxonalarga, tekinga dasturiy loyiha qilib berish taklifini bering. Bu tajriba to‘plashga katta yordam beradi. Bugun, erta qiyin bo‘lishi tabiiy. Ammo undan keyin barchasi oddiy va oson hamda mehnat mevasi shirin bo‘ladi.
– Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
– Kelajakda xorij tajribasini yaxshi o‘rganib, chet elda mashhur bo‘lgan biznes kompaniyalarni o‘zimizda mahalliy qilib ochishni reja qilganman.
Shuningdek, yoshlarimizni mamlakatimizning o‘zida ish bilan ta’minlash va jahonda «o‘zbek brendi» sifatida taniladigan shaxsiy kompaniya ochish ham maqsadlarimdan biri.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”