
Merilend universiteti muhandisi Ostin Pret Leonardo da Vinchining rasmlari asosida dron yaratdi.
Uygʻonish davrining eng buyuk vakillaridan biri – italiyalik rassom va olim, ixtirochi, yozuvchi, musiqachi Leonardo da Vinchi (1452–1519 yillar)ning bizgacha etib kelgan chizmalaridagi muhandislik gʻoyalari oʻz davridan ancha oldinlab ketgan edi. Ulardan birida buyuk daho, XV asrning 80-yillari oxirida, aylanma havo vinti orqali harakatlanadigan gʻayrioddiy uchish apparati eskizini chizgan.
Besh asr oʻtgach, Leonardo zamonaviy vertolyotlarning prototipini chizganligi aniq boʻldi. Merilend universiteti muhandislari jamoasi uning hisob-kitoblarini tekshirishni va ular asosida ishlaydigan samolyotni yaratishni oʻz zimmasiga oldi. Izlanishlar natijasida jamoa a'zolaridan biri Ostin Pret katta muvaffaqiyatga erishdi – u Da Vinchi chizgan rasm asosida rotorli kvadrokopter dronini yaratdi. Crimson Spin deb nom olgan ushbu uchuvchisiz qurilma allaqachon bir necha parvozlarni amalga oshirdi. Oʻtgan hafta Pret San-Xosedagi Transformative Vertical Flight 2022 (transformatsion vertikal parvoz) yillik konferentsiyasi ishtirokchilariga oʻz loyihasini taqdim etdi.
Crimson Spinning texnik imkoniyatlari juda oddiy boʻlsa-da, kelajakda ushbu texnologiyadan foydalangan holda bir oʻrindiqli samolyotni yaratish mumkin.
Leonardo da Vinchi XV asrda oʻzining “nou-xau”cini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmagan. Masalan, uning ixcham elektr stantsiyasi va mos materiallari yoʻq edi. Undan farqli oʻlaroq, Ostin Pret oʻz samolyotini CAD tizimidan foydalangan holda loyihalashtirgan va alyuminiy, plastmassa, elektr motorlar, kompyuterni boshqarish tizimlari yordamida yasagan.
Biroq, mukammallikka erishish yoʻlida u hali koʻplab, xususan, vintlarning ogʻirligini kamaytirish va qurilmaning barqarorligini oshirish kabi muammolarni hal qilishi kerak.
U.Yoʻldoshev tayyorladi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing