O‘ng tarafdagi har qanday og‘riq shifokorga murojaat uchun sababdir: juda ko‘p jiddiy kasalliklar u bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Og‘riq paytida organlar joylashuvi bo‘yicha og‘riq manbasini taxmin qilasiz. Ammo aniq sababni bilmaysiz: ba’zida bir joy og‘riydi, lekin boshqa joyda seziladi.
Qachon tez yordamni chaqirish kerak?
To‘satdan va kuchli og‘riq paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Boshqa xavfli alomatlar paydo bo‘lishini kutmang, chunki ba‘zi hollarda bu o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.
Agar og‘riq kuchli bo‘lmasa ham quyidagi belgilar kuzatilsa, tez yordam chaqiring:
- harorat ko‘tarilsa;
- axlatda qon bo‘lsa;
- og‘riq kuchayganda;
- qusish va ko‘ngil aynishida.
Nega o‘ng tomon og‘riydi?
- Ko‘richak
Ko‘richak — yo‘g‘on ichakning kichik qismi yallig‘lanishi. Ko‘richakning birinchi belgisi kindik yaqini yoki qorinning yuqori qismidagi og‘riq bo‘lib, u qorinning o‘ng tomoni yuzasi bo‘ylab pastga tushadi va kuchayadi.
Og‘riq bilan birga ishtaha yo‘qoladi, 37-39 °C gacha isitma, ko‘ngil aynishi va qayt qilish kuzatiladi.
Nima qilish kerak?
Bu holat shoshilinch tibbiy yordam va jarrohlik amaliyotini talab qiladi.
- O‘t pufagidagi toshlar
O‘t pufagida tosh bo‘lganda, o‘ng qorinning yuqori qismi, ko‘krakosti, orqa sohada va hatto, o‘ng yelkada to‘satdan va tez ortib borayotgan og‘riqni his qilamiz. Bundan tashqari, ko‘ngil aynishi yoki qayt qilish mumkin.
Og‘riqning davomiyligi bir necha daqiqadan bir necha soatgacha o‘zgarib turadi.
Nima qilish kerak?
Agar sizda ushbu alomatlar paydo bo‘lsa, darhol terapevtga borishingiz yoki tez yordam chaqirishingiz kerak. Toshlar o‘t pufagining yallig‘lanishiga olib keladi — xoletsistit, oshqozonosti bezi kanalining tiqilib qolishi va natijada pankreatit.
- Buyrak toshlari
Ular qorinning pastki va yon tomonlarida to‘satdan chidab bo‘lmas og‘riqlarni keltirib chiqaradi, lekin og‘riq ko‘pincha orqa tomondan seziladi. U kuchayadi yoki zaiflashadi, u og‘riqli peshob chiqarish bilan birga kuzatiladi.
Nima qilish kerak?
Urolog muammoni hal qilishga yordam beradi, shuning uchun darhol unga boring. U mayda toshlar uchun dori-darmonlarni buyuradi.
Kuchli og‘riq va katta buyrak toshlari kasalxonaga yotqizishni va jarrohlik amaliyotini talab qilishi mumkin.
- Irritabiy ichak sindromi (IBS) yoki qorin dam bo‘lishi
Ichakda to‘plangan gazlar uning devorlarini cho‘zadi va qorinning turli qismlarida, jumladan, o‘ng tomonda og‘riqni chaqiradi.
Odatda bu jiddiy emas. Faqatgina farq shundaki, siz qorin dam bo‘lishini diyeta bilan tuzatishga harakat qilishingiz mumkin, ammo IBS surunkali kasallikdir.
Nima qilish kerak?
Simptomlarni yengillashtirish uchun gastroenterolog turli dorilarni buyuradi.
- Ichak yallig‘lanishi
Eng keng tarqalganlari Kron kasalligi va yarali kolitdir.
Agar ichaklar yallig‘langan bo‘lsa, qorin bo‘shlig‘ida og‘riq, shish paydo bo‘ladi. Boshqa alomatlar qonli diareya, vazn yo‘qotish va zaiflikdir.
Yallig‘lanishning sabablari aniq ma’lum emas, ammo mutaxassislar buni genetika va immunitet tizimi bilan bog‘liq muammolar deb hisoblashadi.
Nima qilish kerak?
Gastroenterologga tashrif buyuring. Tashxis qo‘yish uchun u sizni axlatni tekshirish yoki kolonoskopiyaga yuboradi. Davolanish sifatida u ushbu ro‘yxatdan birortasini buyuradi: aminosalitsilatlar yoki mesalazinlar, antibiotiklar, immunosupressantlar, biologik preparatlar.
- Qabziyat
Hojatga chiqa olmasangiz, oshqozoningizda noqulaylik va og‘irlik his qilsangiz, bu ich qotishidir.
Nima qilish kerak?
Bu o‘rinda laksatif yordam beradi. Doimiy ich qotishida umumiy amaliyot shifokori yoki gastroenterolog bilan maslahatlashing.
- O‘n ikki barmoqli ichak yarasi
Yara — shilliq qavatdagi chuqur nuqson. Ko‘p hollarda Helicobacter pylori bakteriyasi o‘n ikki barmoqli ichakka kirganda paydo bo‘ladi. O‘ng tarafdagi og‘riqdan tashqari, qorin dam bo‘ladi, og‘irlik hissi, jig‘ildon qaynashi va ko‘ngil aynishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Avval oshqozon yarasi bor-yo‘qligini aniqlang. Ezofagogastroduodenoskopiyani o‘tkazish — ichak devorlarini tekshirish uchun imkon qadar tezroq gastroenterolog bilan bog‘laning.
Ko‘pincha davolanish faqat dori-darmonlarni o‘z ichiga oladi, jarrohlik kamdan kam hollarda talab qilinadi.
- Tuxumdon kistasi
Kistaning burishishi yoki yorilishi tos qismida og‘riqni keltirib chiqaradi, og‘riq mo‘tadildan o‘tkirlashib, to‘satdan o‘zgarib turadi.
Nima qilish kerak?
Kista zararli yoki zararsiz bo‘lishi mumkin. Zararli kistani jarrohlik amaliyoti bilan olib tashlashingiz kerak bo‘ladi. Ikkinchisida — ginekolog tomonidan kuzatilishi kerak. Agar kista o‘z-o‘zidan yo‘qolsa, shifokor davolanishni buyurmaydi.
- Siydik chiqarish yo‘llari infeksiyasi
Bakterial yallig‘lanish peshob chiqarish paytida pastki qorin sohasida og‘riqlarga olib kelishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Kasallikning o‘tib ketishiga umid bog‘lamang. Agar davolanmasa, infeksiya siydik pufagi va buyraklarning doimiy shikastlanishiga sabab bo‘ladi. Yuqorida tavsiflangan alomatlarni his qilishingiz bilanoq nefrolog, urolog yoki terapevtga boring. Yallig‘lanishni kamaytirish uchun sizga antibiotiklar buyuriladi.
- Jigar kasalligi
Jigarning o‘zida og‘riq retseptorlari yo‘q. Shuning uchun og‘riq faqat rivojlangan holatlarda, organ hajmi kattalashganda va uning kapsulasi cho‘zilganida paydo bo‘lishi mumkin.
Jigar kasalligi irsiy yoki orttirilgan bo‘ladi. Ikkinchisi organizmga zararli omillar ta’siridan kelib chiqadi. Masalan, viruslar, spirtli ichimliklar, semizlik kabi.
Nima qilish kerak?
Kattalashgan jigarni palpatsiya yoki qorin bo‘shlig‘i organlarini ultratovush tekshiruvi paytida aniqlashning imkoni bor. Shunday qilib birinchi ish — terapevtga uchrashdir. Va aniq tashxis qo‘yish uchun shifokor sizga biokimyoviy qon testini tayinlaydi.
Noqulaylikdan xalos bo‘lish uchun shifokor tekshiruvi va testdan so‘ng tashxis qo‘yilgan asosiy kasallikni davolash lozim.
- O‘pka kasalliklari
Agar nafas olayotganda yoki yo‘talayotganda og‘riq sezsangiz, o‘pka patologiyasi bor-yo‘qligini istisno qilish zarur. Masalan, pnevmoniya, plevritdan keyingi asoratlar.
Nima qilish kerak?
Og‘riqni e’tiborsiz qoldirmang. Terapevt agar kerak bo‘lsa, sizni ko‘krak qafasi rentgenogrammasiga yuboradi.
- Mushak yoki qovurg‘alarning shikastlanishi
Og‘riq juda kuchli bo‘lmasa ham biror harakat bilan o‘zingizga zarar yetkazishingiz hech gap emas. Miyozit — bunda mushak to‘qimalarining yallig‘lanish ehtimoli kamroq, ammo bo‘lishi mumkin. Chidab bo‘lmas og‘riqning sababi qovurg‘alarning sinishi bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Nima qilish kerak
Agar mushakni tortib olganingizni yoki o‘zingizga zarar yetkazganingizni aniq bilsangiz, ko‘proq dam olishga harakat qiling va shikastlangan joyga muz qo‘ying. Qovurg‘a singan bo‘lsa, darhol tez yordam chaqiring va biror harakat qilmang. Og‘riqqa nima sabab bo‘lganini aniqlay olmasangiz, terapevtga boring.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring