Foto: Yandex
25 yoshdan keyin suyaklar har yili bir foizdan mo‘rtlasha boshlaydi. Suyakning yupqalashishi va mo‘rtlashishining oldini olish uchun esa organizmni kerakli mikroelement va moddalar bilan to‘yintirib turish kerak.
Qanday mikroelementlar kerak?
Suyaklar mustahkam bo‘lishiga qaramay, suyak to‘qimalarining tiklanishi yosh o‘tishi bilan sekinlashib boradi. Skelet bilan bog‘liq eng ko‘p tarqalgan kasallik osteoporoz hisoblanadi va uning rivojlanishiga zararli odatlar, gormonal hamda yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar, ayniqsa, ratsionda kalsiyning yetishmasligi sabab bo‘ladi. Yoshi katta odam 50 yoshga qadar 1000 milligramm, 50 yoshdan keyin esa 1200 milligramm kalsiy iste’mol qilishi kerak.
Suyak, tish, tog‘aylarni mustahkamlash, xolesterin miqdorini nazorat qilishga yordam beradigan kalsiy, shuningdek, qalqonsimon, buyrak usti bezi va reproduktiv salomatlik uchun ham ahamiyatli hisoblanadi, qon ivishining me’yorda bo‘lishiga hissa qo‘shadi.
Taomning mikroelementlar, xususan, kalsiyga boy bo‘lishi organizm uchun muhim sanaladi. Ammo kalsiyning organizmga singishi uchun boshqa moddalarning roli ham borligini yoddan chiqarmaslik kerak.
D vitamini kalsiyning tez singishiga yordam beradi. Fosfor esa suyak va qon-tomirlarni mustahkamlaydi. Ushbu mikroelementlarni muntazam ravishda birgalikda qabul qilinsa, suyak to‘qimalari regeneratsiyasi va tiklanishi maromda bo‘ladi.
Ratsion qanday bo‘lishi kerak?
Kalsiy yetishmasa, nafaqat osteoporoz, balki boshqa kasalliklar: buyrakda tosh paydo bo‘lishi, raxit, umurtqaning qiyshayishi, qon ivishining buzilishi kabilar kuzatilishi mumkin. Sutli mahsulotlar kalsiyga boyligi bilan rekordchi hisoblanadi. Sutkalik me’yorni qoplash uchun 1 litrga yaqin sut ichish kifoya. 100 gramm qattiq pishloqda 700 mg kalsiy bo‘ladi va 150 gramm pishloq sutkalik me’yorni qoplash xususiyatiga ega sanaladi. Shuningdek, tvorog, loviya, tuxum sarig‘i, dengiz mahsulotlari, yong‘oq va mayiz ham ushbu foydali mineralning koni.
Fosforga boy mahsulotlar
Fosfor yetishmasligi ishga bo‘lgan layoqatning susayishi, miyaning kognitiv funksiyasi yomonlashishi, bo‘shashish, uyqu bosishi va bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Ushbu moddaning sutkalik me’yori 1500 mg hisoblanadi va u baliq, yong‘oq va pistalarda, tuxum sarig‘i, pishloq hamda tvorogda mo‘l bo‘ladi.
Funduk, qattiq pishloq, karam va sabzida esa yuqoridagi mikroelementlarning har ikkisi ham mujassam.
Vitamin D
Fosfor va kalsiyni organizmga singishiga yordam beradigan D vitaminining sutkalik me’yori 15 mkg hisoblanadi. Go‘sht va tovuq, baliq mahsulotlari, tuxum, sariyog‘ hamda qo‘ziqorin tarkibida ushbu mikroelement ko‘p bo‘ladi.
Suyak tizimining mustahkamlanishi uchun ratsion tuzishda balans bo‘lishiga hamda organizm uchun kerakli barcha zarur moddalar o‘rin olishiga e’tibor bering.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring