23:18 / 27.01.2024
188

Alsgeymer kasalligidan himoyalanishning oson usuli topildi

Alsgeymer kasalligidan himoyalanishning oson usuli topildi
Alsgeymer kasalligidan himoyalanishning oson usuli topildi, deb yozmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Alsgeymer — ko‘proq keksa yoshli insonlarda uchraydigan xastalik. U asta-sekin xotira susayishi, bosh miya faoliyati buzilib, aqliy qobiliyat pasaya borishi bilan namoyon bo‘ladi.

Yapon olimlari ushbu kasallik yuzasidan olib borgan izlanishlari natijasida oddiy nafas mashqlari orqali uning oldini olish mumkinligini aniqladi.

Tadqiqot uchun 108 nafar ko‘ngilli jalb etilib, ulardan tegishli qon tahlillari olindi va xastalik xavfini ko‘rsatuvchi biomarkerlar tekshirildi.

Keyin ishtirokchilar ikki guruhga ajratildi. Birinchi guruh har kuni oddiy nafas mashqlarini bajarib bordi. Ikkinchi guruh esa aqliy faoliyati va xotira butunligini saqlashga qaratilgan meditatsiya mashg‘ulotlari bilan band bo‘ldi.

O‘z navbatida, haftada bir bor barcha ishtirokchilardan qon tahlillari olinib, Alsgeymer biomarkerlari hisoblangan amiloid - 40 va 42 darajalari tekshirib borildi.

To‘rt haftadan so‘ng tadqiqotchilar hayratlanarli natijaga duch keldi. Birinchi guruhdagi nafas olish mashqlari bilan shug‘ullanuvchilar qonida beta-amiloid miqdori sezilarli darajada pasaygani aniqlandi. Bu ularda Alsgeymer kasalligi rivojlanish xavfi kamayganidan dalolat beradi.

Ikkinchi guruh natijalari esa xavotirli bo‘ldi: 4 haftalik tajribadan so‘ng ularning qonida beta-amiloidlar darajasi oshgani ma’lum bo‘ldi.

Shunga asoslanib, yapon olimlari kuniga 10-15 daqiqa nafas olish mashqlarini bajarish Alsgeymer rivojlanishining oldini olishda samarali usul, degan xulosaga keldi.

Eslatib o‘tamiz, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Yer sayyorasida har 3 soniyada bir kishi Alsgeymerga chalinadi. Hozir Yer yuzida 50 milliondan ortiq odam ushbu xastalikdan aziyat chekmoqda. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 65 million nafardan oshishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Alsgeymer kasalligidan himoyalanishning oson usuli topildi