19:22 / 13.02.2024
63

Quloqchinlardan noto‘g‘ri foydalanish eshitish qobiliyatining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin

Quloqchinlardan noto‘g‘ri foydalanish eshitish qobiliyatining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin
Foto: “Noviy ochag”
Bugun yon-atrofga nazar solsangiz, ko‘pchilik insonlarning quloqchinda musiqa yoki audiokitob tinglab ketayotganiga ko‘zingiz tushadi. Bu yaxshi, albatta. Ammo har narsaning foydali tomoni bo‘lgani kabi zarari ham yo‘q emas. Ayniqsa, quloqchindan noto‘g‘ri va uzoq vaqt foydalanish salomatlik uchun xatarlidir, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Sog‘lom quloq aniqlay oladigan eng past tovush 10-15 detsibel, me’yoriy eshitishning eng yuqori darajasi 25 detsibelni tashkil etadi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Durdona Alimova. — Inson qichqirganda ovoz balandligi 60-65 detsibelga yetib, bu allaqachon bezovtalikka olib keladi. 90 dB yoki undan yuqori tovushlar esa salomatlik uchun xavfli.

Shundan kelib chiqsak, quloqchin orqali 100-120 detsibel o‘lchamdagi musiqa yoki audiokitobni tinglash eshitish qobiliyati uchun chinakam sinovdir.

Durdona Alimova
Foto: SSV matbuot xizmati

Insonning qulog‘i tashqi, o‘rta va ichki qismlardan iborat. Tashqi quloq atrofdan kelayotgan to‘lqinlarni qabul qilib, nog‘ora pardasiga uzatib beradi. Uning orqa qismida uchta quloq suyakchasi bo‘lib, baland tovush ta’sirida ularda toliqish paydo bo‘ladi va bosh miyaga uzatilayotgan to‘lqinlarning kuchli zarbidan eshitish pasayib boradi.

Sababi inson qulog‘i faqat qisqa muddatli baland tovushlardan himoya qilib, uzoq muddatli shovqin ta’sirida uning ichki qismi bosh miyaga tovushli xabarlarni yetkazolmaydi. Oqibatda eshitishda muammolar kuzatilib, hatto, uning yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.Shuningdek, quloqchinlardan muntazam va uzoq muddat foydalanish bosh og‘rig‘i, xotira susayishi, asabiylik, uyqusizlik, bosh aylanishi kabi muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Natijada miya tomirlaridagi spazmlar qon bosimining oshishiga olib keladi. Shu bilan birga, ularni tez-tez ishlatish tufayli quloqlarda mum yig‘ilib, tiqinlar hosil qiladi.

Quloqchin orqali musiqa tinglash, ayniqsa, bolalar uchun juda xavfli. Sababi ular ertalabdan kechgacha bu moslamani taqib, istalgan ovoz balandligini o‘rnatishlari mumkin. Shu bois 10-12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga bunday eshitish vositasida musiqa tinglash tavsiya etilmaydi.

Kattalar esa ushbu moslamadan foydalanganda ovoz balandligini diqqat bilan nazorat qilishi kerak. Eshitish vositalaridan keladigan ovoz qabul qilinadigan darajada yoki yo‘qligini bilish uchun bir necha so‘zni baland tovushda aytish lozim. Agar ovoz eshitilmasa, demak tovushni pasaytirish zarur.

Qolaversa, atrofdagilarga musiqa eshitilmasligi kerak. Agar odamlar bilan muloqotda baqirib gapirish boshlansa, bu ovoz balandligidan darak beradi. Shuningdek, eshitish vositasidan kuniga 1,5 soatdan ortiq foydalanish tavsiya etilmaydi. Tovushni esa 60 foizdan oshirmaslik lozim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Quloqchinlardan noto‘g‘ri foydalanish eshitish qobiliyatining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin