15:43 / 14.05.2024
187

Yeydigan ovqatlarimiz, issiq choy saratonga sabab bo‘ladimi?

Yeydigan ovqatlarimiz, issiq choy saratonga sabab bo‘ladimi?
O‘zbeklar issiq choy, ko‘mirda pishirilgan kabob kabi ovqatlarni yaxshi ko‘radi. Lekin bu taomlar, qaynoq tarzda ichimlik iste’mol qilish saraton xavfini keltirib chiqarishi mumkin.

Qanday qilib xavfdan himoyalanish mumkinligi haqida Buyuk Britaniyaning Suonsi universitetida saratonni erta aniqlash bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan o‘zbekistonlik Deniz Akin muhim ma’lumotlarni berib o‘tdi.

Ovqatlanish va saraton xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlik tadqiqotlarda o‘rganilgan. Biroq bu yaxshi ko‘rgan ovqatlarimiz saraton kasalligiga olib keladi degani emas. Faqat, eng muhimi, me’yor – yaxshi va muvozanatli ovqatlanish saraton xavfini kamaytiradi.

Ba’zi pishirish usullari saratonga sabab bo‘luvchi modda ishlab chiqarilishiga olib keladi. Karsinogenlar – DNK bilan aloqada bo‘lib, mutatsiyalarni keltirib chiqaradigan, saraton kasalligiga chalinish xavfini oshiradigan moddalar. Yuqori haroratda pishirish usullari, masalan, barbekyu yoki ochiq olovda go‘shtni pishirish, ba’zi kimyoviy moddalar hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Bular orasida go‘shtdagi yog‘ olovga tomib, go‘shtga qaytadigan tutun sabab hosil bo‘ladigan politsiklik aromatik uglevodorodlar (PAU) va go‘sht ichidagi murakkab reaksiyalar natijasida kuchli issiqlik ostida hosil bo‘ladigan heterotsiklik aminlar (HCA) bor.

Yana bir zararli kimyoviy modda akrilamiddir. U asosan kartoshka kabi qandolatli oziq-ovqatlarda, ularni qovurganda yoki uzoq vaqt davomida yuqori haroratda pishirganda hosil bo‘ladi. Akrilamid non, qahva va don mahsulotlari kabi oziq-ovqatlarda ham uchrashi mumkin.

Bu ma’lumotlarni bilish saratondan xavotirga tushib yashash uchun emas, balki u haqida ma’lumot olish uchun kerak.

Ma’lumotlarni o‘qigach o‘zingiz yoqtirgan taomlardan butunlay voz kechishingiz shart emas. Bu kimyoviy moddalar saraton xavfini oshirsa-da, oziq-ovqatlarni iste’mol qilish bilan bog‘liq xavf, chekish yoki ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilish kabi asosiy xavf omillari bilan taqqoslaganda nisbatan past. Shunga qaramay saraton moddalari hosil bo‘ladigan tarzda taom pishirishdan qochgan ma’qul. Qaynatish, bug‘lash kabi pishirish usullarini tanlash zararli birikmalar hosil bo‘lishini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Bundan tashqari, go‘shtni yoqmaslik va pishirish paytida go‘shtni vaqti-vaqti bilan aylantirish bu xavflarni kamaytirishga biroz yordam beradi.

Issiq choy ham xavflimi?

Issiq choyning xavfli ekani haqida o‘tkazilgan tadqiqotlar bunga aniq javob topmagan, lekin o‘rganishlar davomida kerakli xulosalar berilgan.

Qizilo‘ngach saratoni – qizilo‘ngachga, tomoqni oshqozon bilan bog‘laydigan uzun naychaga ta’sir qiluvchi jiddiy kasallikdir. Bu turdagi saraton qizilo‘ngachdagi hujayralar DNKda genetik o‘zgarishga uchraganida rivojlanadi. Vaqt o‘tishi bilan mutatsiyalar ba’zi hujayralar nazoratsiz o‘sishiga olib kelishi mumkin, bu esa o‘simta shakllanishiga olib keladi.

O‘zbekistonda 2000-2018 yillarda qizilo‘ngach saratoni bilan kasallanish har 100 000 kishiga 2,8 holatni tashkil etgan.

Qizilo‘ngach rakining asosiy sababi tamaki chekishdir, ammo boshqa xavf omillari ham rol o‘ynaydi. Bunday omillardan biri - issiq ichimliklarni iste’mol qilishdir. Odatda bu 60 daraja yoki undan yuqori bo‘lgan haroratdagi ichimliklardir.

Dunyo bo‘ylab eng sevimli ichimliklardan biri choy hisoblanadi. Choy ichish, ayniqsa, issiq choy ko‘plab Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan va madaniyatining bir qismi darajasiga chiqqan. Lekin yuqori haroratdagi ichimliklarni iste’mol qilish oshqozonni issiqlik bilan shikastlashi mumkin.

Issiq suyuqlik tomoqdan o‘tishi bilan, qorin bo‘shlig‘ini qizdiradi va bunday yuqori haroratga duch kelish organizmga sezilarli darajada zarar yetkazishi va saraton xavfini oshirishi mumkin. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, faqat issiq choy ichish saraton kasalligini keltirib chiqarishi haqida aniq dalillar yo‘q, bu yordam beruvchi omil bo‘lishi mumkin, lekin bevosita sabab emas.

Saraton kasalligini davolash mumkinmi?

Ha, saratonning ko‘p turlarini davolash mumkin, ayniqsa ular erta aniqlanganda buning imkoni yuqori bo‘ladi. Davolashning muvaffaqiyati ko‘pincha saraton turi, tashxis qo‘yilgan bosqich va bemorning umumiy salomatligi kabi omillarga bog‘liq.

Jarrohlik, kimyoterapiya, radiatsiya terapiyasi va immunoterapiya kabi muolajalar saraton kasalligini davolashda samarali ekanligi isbotlangan.

Abu Ali ibn Sino kasallikning o‘zidan ko‘ra uning sababini davolagan ma’qul, degandi. Saraton ham xuddi shunday, unga qanchalik erta tashxis qo‘yilsa, omon qolish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi.

Bunda insonning o‘ziga bo‘lgan e’tibori hal qiluvchi ahamiyatga ega. Skrining tekshiruvlaridan o‘tib turish, sog‘lom turmush tarzi va saraton haqida xabardorlik har bir insonga kerak.

Bolalar saratoni haqida

Afsuski, saraton bolalarni chetlab o‘tmaydi. Ularga mutatsiyalar ota-onadan meros bo‘lib o‘tishi, ba’zilari esa bachadonda sodir bo‘lishi ham mumkin.

Bolalarni saraton kasalligidan himoya qilish uchun profilaktika choralari homiladorlik davrida onaning sog‘lig‘idan boshlanishi kerak. Bo‘lajak onalar tamaki va alkogol kabi zararli moddalardan uzoq bo‘lishi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalar va kimyoviy moddalarning homilador ayollarga ta’sirini minimallashtirish juda muhimdir. Meva, sabzavot va donlarga boy to‘yimli ovqatlanish, muntazam jismoniy faol bo‘lish esa profilaktikadan tashqari bola immunitetini ham mustahkamlaydi.

Shuningdek, emlashlar saraton kasalligining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi, HPV (bachadon bo‘yni saratoni) va gepatit B (jigar saratoni) ga qarshi vaksinalar ayniqsa muhim. Muntazam ravishda pediatrik tekshiruvlar bolaning sog‘lig‘idagi har qanday noodatiy o‘zgarishlarni erta aniqlash va erta harakat boshlash imkonini beradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Yeydigan ovqatlarimiz, issiq choy saratonga sabab bo‘ladimi?