date
views 218

Qovun va tarvuzdan o‘lim holatlari qayd etilmadi — rasmiy izoh

Qovun va tarvuzdan o‘lim holatlari qayd etilmadi — rasmiy izoh
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qovun va tarvuz iste’moli oqibatida odamlar zaharlanib, halok bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunga javoban Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, poliz mahsulotlaridan — ya’ni qovun va tarvuzdan zaharlanish oqibatida aholi orasida vafot etish holatlari aniqlanmagan. Ammo ayrim kishilarda oshqozon-ichak muammolari qayd etilgani inkor etilmaydi.

Mutasaddilar bu holatga turli omillar sabab bo‘lishini ta’kidlashmoqda. Jumladan:
- inson organizmining individual xususiyatlari;
- bir-biriga mos kelmaydigan oziq-ovqatlarni aralash holda iste’mol qilish;
- kesilgandan so‘ng ancha vaqt o‘tgan poliz mahsulotlarini yeyish;
- tarkibida me’yordan ortiq nitrat va nitrit moddalari mavjud bo‘lishi.

Shu bois, aholiga poliz mahsulotlarini xarid qilish va iste’mol etishda quyidagilarga jiddiy e’tibor berish tavsiya etilmoqda:
1. Faqat belgilangan savdo nuqtalari — bozorlar, savdo majmualari va rasmiy ruxsat berilgan rastalardan xarid qiling;
2. Mahsulotning laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan-o‘tmaganiga albatta e’tibor bering;
3. Katta yo‘llar yoqalari va aholi yashash hududlarida noqonuniy sotilayotgan poliz mahsulotlari salomatlik uchun xavfli bo‘lishi mumkinligini unutmang.

Sanitariya qo‘mitasi shu kabi xabarlarga nisbatan aholini ehtiyotkor bo‘lishga, faqat ishonchli manbalarga tayanishga va shubhali mahsulotlardan uzoq yurishga chaqiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Qovun va tarvuzdan o‘lim holatlari qayd etilmadi — rasmiy izoh