
Uyquning surunkali buzilishi va doimiy xavotirlanish faqat ruhiy holatga emas, balki inson tanasining boshqa tizimlariga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Saudiya Arabistonidagi Toib universiteti mutaxassislari aynan shunday xulosaga keldi. Ularning ilmiy tadqiqot natijalari nufuzli Frontiers in Immunology jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar yangi ish doirasida 17 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan ayollar guruhini o‘rgandi. Tadqiqot ishtirokchilari avval umumiy xavotir buzilishi va uyqusizlikka oid tibbiy skriningdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng, ulardan laborator tahlillar uchun qon namunalari olindi va organizmdagi immunologik ko‘rsatkichlar chuqur tahlil qilindi.
Natijalar xavotirli bo‘lib chiqdi. Ayollarning taxminan 75 foizida xavotir belgilari, 50 foizdan ortig‘ida esa uyqu buzilishi aniqlangan. Eng muhimi, aynan shu guruhda aylanib yuruvchi tabiiy killer hujayralar — NK-hujayralar miqdori keskin kamaygani kuzatilgan. Xususan, CD16+ va CD56+ turkumiga mansub hujayralar darajasi pasaygan. Bu hujayralar viruslar va o‘sma hujayralarini tezda yo‘q qilishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Olimlar fikricha, ushbu ma’lumotlar psixologik omillar immunitetni bevosita zaiflashtirishi mumkin, degan ilmiy taxminni yana bir bor tasdiqlaydi. Chunki tabiiy killer-hujayralar organizmning birinchi himoya chizig‘i hisoblanadi. Ularning yetishmasligi nafaqat mavsumiy shamollash va infeksiyalarga chalinish xavfini oshiradi, balki xavfli o‘smalar rivojlanishi ustidan immun nazoratni ham susaytiradi.
Tadqiqot mualliflari profilaktika masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Ular immunitet buzilishlarining oldini olish bo‘yicha tibbiy protokollarga uyqu sifatini yaxshilash va ruhiy holatni barqarorlashtirish choralarini kiritish zarur, deb hisoblaydi. Ya’ni, salomatlik faqat dorilar bilan emas, balki hayot tarzi va psixoemotsional holat orqali ham muhofaza qilinishi kerak.
Albatta, tadqiqot ishtirokchilari soni cheklangan. Shunga qaramay, olingan natijalar psixoneyroimmunologiya sohasidagi aloqalarni yanada chuqur o‘rganish uchun mustahkam asos yaratadi. Ilmiy guruh kelgusida kengroq demografik qatlamlarda uzoq muddatli tadqiqotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Asosiy maqsad — xavotirli buzilishlar davolanganda immunitet qanday tiklanishini vaqt davomida kuzatish.
Xulosa shuki, uyqu va ruhiy xotirjamlik nafaqat kayfiyat, balki immun tizim salomatligi uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.