Sun’iy intellekt yaratgan suratlar plastik jarrohlikda noto‘g‘ri kutilmalarni keltirib chiqarishi mumkin

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Odamlar sun'iy intellekt yordamida o'zgartirilgan suratlarni plastik jarrohlarga ko'rsatib, aynan o'sha ko'rinishga ega bo'lishni talab qilmoqda.
- Turkiyalik professor doktor Hayati Akbashning ta'kidlashicha, bunday tasvirlar inson anatomiyasi va to'qima xususiyatlarini hisobga olmagani uchun amalda erishib bo'lmaydigan natijalar haqida noto'g'ri kutilmalarni keltirib chiqaradi.
Sun’iy intellektdan kundalik hayotda foydalanish kengaygani sari plastik jarrohlik sohasida ham noodatiy talablar paydo bo‘lmoqda. Ayrim odamlar o‘z suratlarini sun’iy intellekt yordamida o‘zgartirib, hosil bo‘lgan tasvirlarni plastik jarrohlarga ko‘rsatmoqda va aynan shunday ko‘rinishga ega bo‘lishni istamoqda. Biroq mutaxassislar bunday suratlar inson anatomiyasi va har bir kishiga xos to‘qima xususiyatlarini to‘liq aks ettirmasligini ta’kidlamoqda.
Turkiyalik plastik jarroh, professor doktor Hayati Akbashning aytishicha, sun’iy intellekt yaratgan tasvirlar odamda amalda erishib bo‘lmaydigan natijalar haqida tasavvur uyg‘otishi mumkin.
«Har bir insonning to‘qima tuzilishi bir-biridan farq qiladi»
Mutaxassis sun’iy intellektdan ko‘ngilochar maqsadlarda yoki kelajakdagi ko‘rinish haqida tasavvur hosil qilish uchun foydalanish mumkinligini, biroq undan aniq natijani kutmaslik kerakligini aytdi.
«Sun’iy intellekt yaratgan surat haqiqatga mos kelmaydigan kutilmalarni yuzaga keltirishi mumkin. Har bir insonning terisi, suyak tuzilishi, genetik xususiyatlari va to‘qimalarining tiklanish mexanizmlari bir-biridan farq qilishini unutmaslik kerak. Shu sababli jarrohlik amaliyotidan keyingi natija ijtimoiy tarmoqlarda yoki sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratlar bilan bir xil bo‘lmaydi», — dedi Hayati Akbash.
«Maqsad — inson uchun erishish mumkin bo‘lgan eng yaxshi natijaga erishish»
Professorning ta’kidlashicha, plastik jarrohlikdagi asosiy maqsad har bir insonning o‘ziga xos anatomik xususiyatlarini hisobga olgan holda eng maqbul natijaga erishishdir.
«Plastik jarrohning maqsadi — insonning mavjud to‘qimalari, terisi, genetik xususiyatlari va tana skeleti nisbatlarini hisobga olib, uning imkoniyatlari doirasidagi eng yaxshi natijani yaratish. Yuzni yoshartirish operatsiyalaridan keyin insonlar mamnun bo‘lishi uchun ularning kutilmalari real bo‘lishi kerak. Aks holda, hafsalasi pir bo‘lishi mumkin. Sun’iy intellekt odamlarni xursand qilish uchun ishlatiladigan vosita bo‘lish o‘rniga, umidsizlikka sabab bo‘ladigan mexanizmga aylanishi mumkin. Ayniqsa, yuzni yoshartirish operatsiyasini o‘ylayotgan kishilarga sun’iy intellekt yaratgan tasvirlar asosida o‘z oldilariga real maqsadlar qo‘yishni tavsiya qilaman», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…