Ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti yaxshi odamlar uzoqroq va muntazamroq uxlaydi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Ijtimoiy-iqtisodiy holati yuqori bo'lgan insonlar boshqalarga qaraganda uzoqroq va muntazamroq uxlashga moyil.
- AQSHdagi 12 403 nafar ishtirokchi qatnashgan tadqiqotda iqtisodiy barqarorlik, yashash muhiti va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari uyqu sifatiga ta'sir qiluvchi omillar sifatida qayd etildi.
- Xususan, oziq-ovqat va uy-joy muammosiga ega bo'lmagan shaxslar qiyinchiliklarga duch kelayotganlarga nisbatan o'rtacha 10,7 daqiqa ko'proq dam oladi.
Ijtimoiy va iqtisodiy sharoiti yaxshi bo‘lgan odamlar boshqalarga nisbatan biroz uzoqroq va muntazamroq uxlaydi. Olimlar bu holatni iqtisodiy barqarorlik, yashash muhiti va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liqligini aniqladi. Tadqiqot natijalari “JAMA Network Open” jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar AQSHdagi “All of Us” milliy tadqiqot dasturida ishtirok etgan 12 403 nafar kishining ma’lumotlarini tahlil qilgan. Ishtirokchilar kamida 180 kun davomida taqiladigan elektron qurilmalar yordamida kuzatilgan, shuningdek, ular yashash sharoitlari haqidagi so‘rovnomani to‘ldirgan.
Tadqiqotda aholining ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli, jamoa va atrof-muhit bilan munosabatlari, yashash hududidagi sharoitlar hamda tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari hisobga olingan. Olimlar qurilmalar qayd etgan ma’lumotlar asosida ishtirokchilarning o‘rtacha uyqu davomiyligi va uning kundan kunga o‘zgarishini o‘rgangan.
Natijalarga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti eng yaxshi bo‘lgan guruh vakillari sharoiti eng og‘ir guruhdagilarga qaraganda bir kechada o‘rtacha 5,8 daqiqa ko‘proq uxlagan. Shuningdek, ularning uyqu davomiyligi kechadan kechaga kamroq o‘zgargan — bu boradagi farq 4,8 daqiqani tashkil etgan.
Uyqu davomiyligi bilan eng kuchli bog‘liqlik iqtisodiy barqarorlikda kuzatilgan. Oziq-ovqat va uy-joy bilan bog‘liq muammolarga duch kelmagan ishtirokchilar ushbu ikki muammoni ham boshdan kechirayotganlarga nisbatan bir kechada o‘rtacha 10,7 daqiqa ko‘proq uxlagan. Ularning uyqu davomiyligi ham barqarorroq bo‘lgan: kunlar orasidagi o‘zgarish 8,7 daqiqaga kamroqni tashkil etgan.
Tadqiqot mualliflari ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlar uyqu salomatligi bilan bog‘liq muhim omillardan biri ekanini ta’kidlagan. Biroq tadqiqot natijalari bu omillar uyqu davomiyligiga bevosita sabab bo‘lishini isbotlamaydi. Shuningdek, unda uyquning chuqurligi yoki sifati emas, asosan davomiyligi va muntazamligi baholangan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…