04:18 / 12.12.2017
9 426

Spirtli ichimliklardan voz kechish hayotingizga qanday o‘zgarishlar olib kiradi?

Spirtli ichimliklardan voz kechish hayotingizga qanday o‘zgarishlar olib kiradi?
OneYearNoBeer dasturi muallifi Endi Reymij 10 mingdan ziyod kishiga alkogolga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishga yordam berdi. U o‘zi va atrofidagilarning tajribasidan kelib chiqib, sog‘lom odatlarga mehr uyg‘otish bo‘yicha ekspertga aylandi.

Uch yil avval Reymij spirtli ichimliklarsiz yashashga qaror qildi. Aksariyat buning iloji yo‘q deb o‘ylardi. Ular bu uning brokerlik faoliyatiga ziyon yetkazadi deb hisoblashardi. Aslida esa, alkogoldan voz kechish uning hayoti va biznesini yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam berdi. BetterHumans shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Barchasi qanday boshlangandi?

Reymij barga birinchilardan bo‘lib kelib, oxiri ketadigan kishilardan edi. Spirtli ichimliklar unga bayramlarni nishonlash, dam olish, do‘st orttirish, muloqot qilish va mijozlarni mehmon qilishda yordam berardi. Reymij bilan vaqt o‘tkazish zavqli edi, lekin u bor joyda doim spirtli ichimliklar bo‘lardi.

Reymij o‘z baxtini 10 balldan atigi 5 ballga baholardi, bu esa uning muvaffaqiyatli karerasi va ajoyib oilasiga nomuvofiq edi. Unda hayotdan norozilik hissi oshib borardi. Reymij muayyan orzular va maqsadlarga ega bo‘lib, ba’zan ularga erishish yo‘lida ortga chekinardi. U sportdan yiroq va lanj edi. Uning hayoti tor doira bilan cheklanib qolayotgandi - ish-oila-stress.

Reymij bundan baxtliroq yashashni istardi, shuning uchun hayotida ilk marta barchasini ketma-ket tahlil qila boshladi. U o‘z taomnomasini qayta ko‘rib chiqdi, sport rejimiga o‘tdi, meditatsiya qila boshladi. Biroq bu hech nima bermadi: sport mashqlariga vaqt va motivatsiya yetishmasdi, meditatsiya uchun esa Reymijning asablari haddan tashqari tarang edi, mijozlar bilan tushliklar va kechki uchrashuvlar sog‘lom parhezni yo‘qqa chiqarardi.

U izlanishda davom etdi va kunlardan bir kun ancha jiddiy muammo - alkogol borligini anglab yetdi. Biroq u nima uchundir spirtli ichimliklardan voz kechishdan juda qo‘rqardi.

Shunday bo‘lsa-da, Reymij alkogol unga oldinga harakat qilishga xalaqit berayotganini yaxshi tushunib yetayotgandi. U yaxshi ota va turmush o‘rtoq bo‘lish uchun ham ichishni tashlashni, ko‘rkam, sog‘lom bo‘lishni hamda ishda yanada samarali faoliyat yuritishni istardi.

Alkogolsiz uch hafta

Katta shaharda yashab, spirtli ichimlik iste’molidan voz kechish qiyin. Ba’zi odamlar ichishni tashlamasligingiz uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishadi.

Biroq bir necha urinishlardan keyin Reymij uch hafta alkogolsiz yashashning uddasidan chiqdi. Nihoyat, spirtli ichimliklardan voz kechishning afzalliklarini seza boshladi.

"Zerikarli" burchakka o‘tish

Ijtimoiy bosim o‘sib borayotgandi, gap-so‘zlar bolalay boshladi. Reymij zerikarli kishilar doirasiga qo‘shildi.

U agar biznesi shu tufayli jabrlana boshlasa, o‘z ahdidan voz kechishga qaror qildi. Reymij yarim yo‘ldan chekingan taqdirda, uning hayotini tubdan o‘zgartirgan onlar kelmas edi.

Alkogoldan voz kechishning afzalliklari

Uch hafta o‘z-o‘zidan to‘rt haftaga, keyin ikki oyga va shu tariqa uch oyga o‘tib ketdi. Ayni shu damlarda katta o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi.

Reymij tez orada jismoniy mashqlarga kirishib ketdi. Spirtli ichimliklar tufayli mashg‘ulotlarni uzib qo‘yishga hojat qolmadi. Alkogolsiz qaysi yeguliklar va faoliyat turlari quvvat baxsh etishi, qaysilari esa, aksincha, quvvatni tortib olishini tushunish oson edi. Bularning bari unga ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam berdi: u bir yilda 19 kilogramm yo‘qotdi, yog‘ miqdori esa 30 foizdan 10 foizgacha kamaydi.

Reymij universitetga qaytdi, muayyan darajaga erishdi, ijobiy psixologiya va kouching bo‘yicha magistrlik dasturiga o‘tdi. U katta shaharda psixika bilan bog‘liq muammolar bilan kurashga yo‘naltirilgan 30 kunlik Mindfit dasturini yaratishga yordam berdi. Shu bilan birga, u OneYearNoBeer'ning hammuassisiga aylandi.

Reymijning oila a’zolari bilan ham, ishdagilar bilan ham munosabatlari yaxshilana boshladi. Uning borkerlik biznesi shiddat bilan o‘sib borardi, motivatsiya yuksak darajada edi va u o‘zini juda yaxshi his qilardi.

Ishdan tashqari hayot uchun vaqt topiladi

Spirtli ichimlik iste’moliga ko‘p vaqt ketadi, undan qaytishga esa - undan-da ko‘p. Ichishni tashlashingiz bilan eski xobbilaringiz va qiziqishlaringiz uchun ancha vaqt va energiya paydo bo‘ladi. Siz shunchaki mavjud bo‘lmay, qayta yashay boshlaysiz.

Munosabatlaringiz yaxshilanadi

Mijozlar spirtli ichimlik ichmaydigan va normal muloqot qilsa bo‘ladigan kishilarni qadrlashadi. Bolalar kuch-quvvatga to‘la va ular bilan o‘ynab, quvnaydigan otani qadrlashadi. Ayol o‘zining ichmaydigan va hayotdan mamnun erini yanada ko‘proq sevadi.

O‘zingizga bo‘lgan ishonch ortadi

Alkogol baxsh etuvchi soxta ishonch o‘zingizga bo‘lgan haqiqiy ishonchni yo‘q qiladi. Spirtli ichimlik tufayli yuzaga kelgan xavotirli va asabiy holat "jangga tayyorgarlik"ni yo‘qqa chiqaradi. Alkogolsiz sizning o‘zingizga bo‘lgan ichki ishonchingiz yanada mustahkamlanadi.

Aqliy salohiyatingiz ochiladi

Alkogol va uning natijasida yuzaga keluvchi holat aqliy salohiyatga zarar yetkazadi. Reymij ichib yurgan kezlarida o‘zida kuchli xavotirni sezgan. U o‘zini xuddi chuqurlikka qulayotgandek his qilgan: alkogol iste’moli qancha davom etsa, chuqurlik shuncha chuqur bo‘lardi. Ichishni tashlashi bilan bu hissiyotdan xalos bo‘ldi va bu u uchun haqiqiy kashfiyot bo‘ldi.

Salomatlik yaxshilanadi

Alkogol ichimliklar iste’moli sog‘liqqa qanchalik yomon ta’sir qilishini hamma biladi, biroq baribir ichishda davom etishadi. Spirtli ichimliklar mashg‘ulotlarga bo‘lgan motivatsiyani yo‘q qiladi va zararli yeguliklarga qiziqish ortishiga sabab bo‘ladi. Ichishni tashlaganingizda to‘g‘ri ovqatlanishga o‘tish osonlashadi, sport bilan shug‘ullanish uchun ko‘proq kuch-quvvat paydo bo‘ladi.

Ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga ijodiy yondasha boshlaysiz

Alkogoldan voz kechib, ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga yanada e’tiborli bo‘lib, ijodkorlik bilan yondasha boshlaysiz, bu esa sizning odamlar bilan munosabatlaringizni yaxshilaydi. Mijozlar yoga, karting va velosiped haydash kabi mashg‘ulotlarni yaxshi ko‘rishadi. Spirtli ichimliklar bo‘lgan oqshom uchun esa biror marta minnatdorchilik xati olmagan.

Uyqu yaxshilanadi

Uyqu — yuqori samaradorlikning ajralmas bir qismi. Kichik miqdordagi spirtli ichimlik ham uyqu buzishi mumkin. Hatto bir stakan alkogol ham uyquga ta’sir qiladi, uyqu shunday yomon kechadiki, tana qayta kuch to‘plashga ulgura olmaydi. Kamroq uxlaganda esa, samaradorlik nolga tenglashadi.

Ichishni qanday tashlash mumkin?

Tanaffus oling

Avval alkogolga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartirish lozim. Yagona yo‘l - tanaffus qilish. Bu 28, 90 yoki hatto 365 kun bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy hayot va biznes hayotda alkogolsiz yashay olishingizni ko‘rsatmay, o‘zingizni to‘liq nazoratga olishning iloji yo‘q.

Sportga monand maqsad qo‘ying

Imkoniyatlaringiz doirasidan chiqib, o‘zingizni sinang. Deylik, bu masalan, har kuni 5 yoki 10 kilometrga yugurish bo‘lsin, uni uddalay olishingizga ishoning.

Shu tariqa diqqat jamlanib, tana va ruhiyatingiz kuchliroq bo‘ladi. Boz ustiga, o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz ortadi va ilgari alkogolga sarflagan vaqtingizdan unumli foydalana boshlaysiz.

Xatoga yo‘l qo‘ysangiz, tushkunlikka tushmang

O‘rganing, kuchliroq bo‘ling, o‘z yutuqlaringizni taqqoslang va o‘zingizni hech nimada ayblamang. Kechirimli bo‘lish mas’uliyatni his qilishga olib keladi, aybdorlik hissi esa o‘zingizni oqlashga sabab izlashga majbur qiladi.

Xato — bu mag‘lubiyat, degan fikr keng tarqalgan. Shu bois odamlar me’yordan ortiq ovqatlanib yoki spirtli ichimliklar icha boshlab, o‘zlarini ojizdek his qilishadi.

O‘z xatoingizni tushunib yeting, barchasini qayta o‘ylab chiqing va yanada kuchli bo‘ling. Yodingizda bo‘lsin: hech kim mukammal emas.

Zararli odatlarni sog‘lomlariga almashtiring

Yomon odatlardan qutulishning eng yaxshi yo‘li - uni foydalisiga almashtirish. O‘z triggeringizni izlab toping - bu vaqt, makon, hissiyot, xatti-harakat yoki inson bo‘lishi mumkin. Oldinga chorlovchi kuchni toping.

Zararli odatingizni sog‘lomlariga shunday almashtiringki, trigger va harakatlantiruvchi kuch o‘z joyida qolsin.

Oqlovchi sababni qo‘llang

Spirtli ichimliklardan voz kechish uchun jiddiy sabab kerak. Biroq agar siz homilador yo xasta bo‘lmasangiz, oshna-og‘aynilar, yaqinlar yoki hamkasblar birga ichishni taklif qilgan paytda qolgan sabablar inobatga olinmasligi mumkin.

Sizning alkogolsiz dasturingiz bemalol oqlovchi sabab bo‘la oladi. Keyingi safar sizga spirtli ichimlik quya boshlashsa, shunday deng: "Yo‘q, rahmat, bu yil mening rejamda qiladigan ishlarim ko‘p, shu bois nafsimga qarshi chiqib, 28/90/365 kun ichmaslikka qaror qildim".

Alkogolsiz tanaffus uchun har bir sababni yozib chiqing

Nima uchun spirtli ichimlikdan voz kechmoqchi ekaningizni yozing. Bu odatlarni o‘zgartirishga yaqindan yordam beradi. O‘zingizga o‘zingiz savol bering - nima uchun alkogolsiz hayotga talpinayapsiz? Bunga nima sabab bo‘ldi?

Qog‘oz, planshet yoki noutbukdan foydalaning - o‘zingizga qulayini tanlang. Qo‘shimcha motivatsiya uchun sabablar ro‘yxatini tuzing.

Reja tuzing

Spirtli ichimliklardan voz kechishga qaror qilgan bo‘lsangiz, yangicha hayotni rejalashtirish va kutilmagan holatlarga tayyor turing. Kutilmaganda necha yillardan beri ko‘rmagan do‘stingiz ostonada paydo bo‘lishi va siz bilan spirtli ichimlik ichish istagi tug‘ilishi mumkin. Bunday paytda shunchaki tabassum qiling va sabablar ro‘yxatingizga nimalar deb yozganingizni yodga oling. Biror tadbirga tayyorlanayotgan bo‘lsangiz, u yerda alkogolsiz ichimliklar ham borligiga ishonch hosil qiling.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Spirtli ichimliklardan voz kechish hayotingizga qanday o‘zgarishlar olib kiradi?