18:56 / 23.09.2018
6 571

Sogʻliqni saqlash tizimida qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?

Sogʻliqni saqlash tizimida qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?
Nihoyat, Oʻzbekistonda robotlashtirilgan jarrohlik, radiojarrohlik, fotodinamik terapiya kabi yuqori texnologiyali davolash usullari rivojlantiriladi, shifoxonalarda davolanuvchilar soni sezilarli darajada kamayadi. Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov yaqin oʻn yilda respublika tibbiyot muassasalari faoliyatida kuzatiladigan oʻzgarishlar haqida soʻz yuritdi.

Uch bosqichli rivojlanish dasturi

Yaqin yillarda sogʻliqni saqlash tizimining rivojlanishini shartli ravishda uch bosqichga taqsimlash mumkin. Oʻzgarishlarning bari Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalariga muvofiq eng yaxshi zamonaviy profilaktika, kasalliklar diagnostikasi va davolash tajribasi bilan xarakterlanadi.

2019-2020 yillarga toʻgʻri keluvchi birinchi bosqichda sogʻliqni saqlash tizimini qayta yoʻnaltirishni rejalashtiryapmiz. Shifokorlarning asosiy vazifasi kasalliklar profilaktikasi boʻladi. Buning uchun birlamchi tibbiy-sanitar yordam tarmogʻini optimallashtirish jarayonini oʻtkazish, faoliyatni bemorning ogʻriqdan aziyat chekib shifokorga murojaat qilishidan emas, balki kasalliklarni erta bosqichda aniqlashga yoʻnaltirish kerak boʻladi. Bu patronaj va reabilitatsion ishlarni kuchaytirishni talab qiladi. Eng keng tarqalgan kasalliklarni aniqlash uchun ommaviy skriningni rivojlantiramiz. Birinchi zveno tibbiyot muassasalari u yoki bu kasalliklarni aniqlash maqsadida aholini ommaviy koʻrikdan oʻtkazish tashabbusi bilan chiqadi.

Sogʻlom turmush tarzi

“Sogʻlom ovqatlanish” dasturlarini amalga oshirish yoʻli bilan notoʻgʻri ovqatlanishni erta bosqichda aniqlash va kasalliklar profilaktikasiga katta eʼtibor qaratiladi. Dastur shuningdek ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi kishilarni parhezli ovqatlanish bilan taʼminlashni ham oʻz ichiga oladi.

Umuman olganda, “sogʻlom turmush tarzi” boʻyicha dasturlar rivojlanishi va targʻibotiga katta eʼtibor qaratiladi. Bolalar bogʻchasi, maktab, kollej, litsey va oliy taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari, mahalla qoʻmitalari, xotin-qizlar tashkilotlari, Yoshlar ittifoqidan tortib to keksalar va nafaqaxoʻrlarni birlashtiruvchi tashkilotlargacha har kuni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish ommaviy targʻib qilinadi, toʻgʻri ovqatlanish usullariga oid xabardorlik darajasi oshiriladi.

Koʻpchilik shifokorga tashrif kasalxonada davolanish bilan tugashi kerakligiga oʻrganib qolgan. Ilgʻor tibbiyotga koʻra, terapevtik kasalliklarning aksariyati shifoxonaga joylashuvni talab qilmaydi. Shu bois bemorlar zarur tibbiy muolajalarni olish uchun murojaat qiluvchi kunduzgi statsionarlar tarmogʻini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Harakatlanishga qiynaluvchi keksalar hamda jamoatchilikda paydo boʻlish tavsiya etilmaydigan bemorlar alohida eʼtiborni talab qiladi. Shuning uchun “Uy statsionari” xizmatini yoʻlga qoʻyamiz, yaʼni tibbiyot xodimi belgilangan muolajalarni oʻtkazish uchun bemorning uyiga boradi.

Zamonaviy tibbiyotni yuqori texnologiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Transplantologiya rivojiga alohida eʼtibor qaratiladi, zero bu baʼzi bemorlar hayotini saqlab qolishning yagona yoʻlidir. Bugunga kelib Toshkent shahrining biryoʻla bir necha tibbiyot muassasalarida buyrak koʻchirib oʻtkazish operatsiyalari bajarila boshlandi, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ishga tushirildi. Akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jigarni koʻchirib oʻtkazish bilan bogʻliq operatsiyalar bajarilmoqda. Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot institutida ildiz hujayralarini koʻchirib oʻtkazish yoʻli orqali qon kasalliklarini davolash uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Mamlakatda bunday davolash imkoniyatlarining yoʻqligi odamlarning oʻz uylari va mashinalarini sotib, chet mamlakatlarga davolanish uchun ketishiga olib keladi, zero bu juda katta xarajatlarni talab qiladi. Vaziyatni tubdan oʻzgartiramiz. Mahalliy klinikalarda davolanish hamyonbop narxlarda boʻladi.

Jarroh-robotlar, radiojarrohlik

2021-2023 yillarda esa oliy tibbiyot muassasalarining klinikalari rivojiga, ularda yuqori texnologiyali davolash usullarining joriy qilinishiga urgʻu beriladi. Bu hududiy klinikalarda shifokorlarni tayyorlash va yuqori texnologiyalarni tatbiq qilish uchun sharoit yaratadi.

Birinchi bosqichda ovqatlanishga katta eʼtibor qaratamiz, zero notoʻgʻri ovqatlanish sogʻliq bilan bogʻliq jiddiy muammolarning yuzaga kelishiga olib keladi. Sogʻlom ovqatlanishni rivojlantirishga qaratilgan yagona siyosatni belgilab beruvchi Milliy oziqlanish instituti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bu aholi, jumladan onalar va bolalarning notoʻgʻri ovqatlanishi natijasida yuzaga keluvchi salbiy asoratlarni qisqartirishga olib kelishiga umid qilamiz, ortiqcha vazn va semizlik, sogʻlom taom bilan taʼminlash va buning uchun barchaga birdek imkoniyat yaratish shular jumlasidandir.

Bitishi qiyin boʻlgan jarohatlarni davolashda yuqori samara beruvchi fotodinamik terapiyani rivojlantirishni ham rejalashtiryapmiz. Mening fikrimcha, bu yoʻnalishni rivojlantirishda mahalliy olimlarning ishlanmalariga yetarlicha eʼtibor qaratish kerak. Shuningdek, bu davrda mamlakatda jarroh-robotlar, radiojarrohlik uchun uskunalar va davolashning boshqa yuqori texnologiyali jarrohlik usullarini joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Yoʻltanlamaslar, maxsus vagonlar va vertolyotlar

Uzoq muddatli istiqbolda 2029 yilgacha mintaqalardagi samarasiz faoliyat koʻrsatayotgan shifoxonalar faoliyatini toʻxtatib, statsionar tibbiyot muassasalari tarmogʻini optimallashtirishni rejalashtiryapmiz. Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga muvofiq tibbiy xizmatlarning deyarli barcha jabhalarini oʻz ichiga olgan yirik zamonaviy koʻp profilli tibbiyot markazlarini ishga tushiramiz.

Favqulodda vaziyatlarda mobil yordam koʻrsatish uchun transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Shifokorlar eng qisqa fursatlarda kerakli manzilga yetib borib, shoshilinch yordamga muhtoj bemorni statsionarga yetkazishlari uchun zamonaviy va reanimatsion avtomobillar, temiryoʻl transportida maxsus vagonlar va hatto vertolyotlar bilan taʼminlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Sogʻliqni saqlash tizimida qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?