Quyosh yoki yomgʻir: 2 aprel kuni havo qanday boʻladi?

Oʻzbekistonda 2 aprel kuni ob-havo bir xil emas — ayrim hududlarda quyosh charqirasa, boshqa joylarda qisqa muddatli yomgʻirlar va hatto momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Sinoptiklar bu kunni “oʻzgaruvchan” deb baholamoqda.
Toshkentda qanday ob-havo kutilmoqda?
Poytaxtda havo oʻzgaruvchan boʻladi, ammo yogʻingarchilik kuzatilmaydi. Shamol sharqdan engil esadi, harorat kechasi 15–17 daraja atrofida boʻlsa, kunduz kuni 27–29 darajagacha koʻtariladi. Qisqasi, kun iliq va qulay oʻtadi.
Gʻarbda yomgʻir va momaqaldiroq ehtimoli
Qoraqalpogʻiston va Xorazm hududlarida ob-havo ancha serbulut boʻladi. Ayrim joylarda qisqa yomgʻirlar va momaqaldiroqlar kuzatilishi mumkin. Kunduzgi harorat 13–18 daraja atrofida boʻlib, shamol tezligi ham yuqoriroq — 9–14 m/s gacha yetadi.
Buxoro va Navoiyda ham huddi shunday manzara: vaqt-vaqti bilan yomgʻir yogʻishi, osmonda chaqmoq chaqnashi ehtimoli bor. Harorat 18–23 daraja oraligʻida boʻladi.
Markaziy hududlarda aralash ob-havo
Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham ob-havo barqaror emas. Qisqa muddatli yomgʻirlar, momaqaldiroqlar kuzatilishi mumkin. Harorat kunduz kuni 20–25 darajagacha yetadi.
Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida esa yogʻingarchilik kutilmaydi. Bu hududlarda havo iliq va quyoshli boʻlib, kunduzgi harorat 25–30 darajagacha koʻtarilishi mumkin.
Janubda ham yomgʻir ehtimoli bor
Qashqadaryo va Surxondaryoda ham ayrim joylarda yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat 18–23 daraja atrofida saqlanadi.
Fargʻona vodiysida quyoshli kun
Andijon, Namangan va Fargʻonada yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo ochiq va iliq boʻlib, kunduz kuni 25–30 darajagacha chiqadi. Bu hududlarda ob-havo sayr va dam olish uchun juda qulay boʻladi.
Togʻli hududlarda ehtiyot boʻling
Togʻoldi va togʻli joylarda havo yanada oʻzgaruvchan. Yomgʻir va momaqaldiroqlar bilan birga sel-suv toshqinlari xavfi ham bor. Shamol ayrim paytlarda kuchayib, 18 m/s gacha yetishi mumkin.
Aprel oyi qanday kechadi?
Sinoptiklar maʼlumotiga koʻra, aprel oyi davomida harorat yuqori va beqaror boʻladi. Kechalari 7–17 daraja, kunduz kunlari esa 15–32 daraja oraligʻida “oʻynab turadi”. Ayrim kunlari havo 33 darajagacha isishi mumkin.