Kuchli yomg‘irlar kutilmoqda: aholiga muhim ogohlantirish

Kuchli yomg‘irlar kutilmoqda: aholiga muhim ogohlantirish

O‘zgidromet respublika aholisini muhim ob-havo o‘zgarishi haqida ogohlantirdi. Ma’lum qilinishicha, 13–15 iyun kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sababli bir qator viloyatlarning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on hamda Muzrabot tumanlarida sel xavfi kuzatilishi mumkin.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlari, Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlari ham xavfli hududlar qatoriga kiritilgan.

Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlari, Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlari, shuningdek Angren va Olmaliq shaharlarida ham sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli bor.

Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlari, Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalalquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod va Marhamat tumanlari hamda Xonobod shahri aholisiga ham ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etildi.

Mutaxassislar ayrim hududlarda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yomg‘ir suvlari to‘planib, past joylarni suv bosishi mumkinligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan tog‘li hududlarda yashovchi aholi, dam oluvchilar va haydovchilarga sel xavfi yuqori bo‘lgan joylarga zaruratsiz bormaslik hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish tavsiya etildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar