Jarima maydonchasidan avtomobilni olish tartibi keskin o‘zgaradi

Jarima maydonchasidan avtomobilni olish tartibi keskin o‘zgaradi

O‘zbekistonda jarima maydonchasiga olib ketilgan transport vositalarini qaytarish tartibi yangilanmoqda. Endi avtomobilni chiqarish uchun ruxsatnoma faqat QR kod orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

Hukumatning 6 iyul kuni kuchga kirgan 358-sonli qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 avgustdan boshlab jarima maydonchasidan transport vositasini olib chiqishga ruxsat berish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, ruxsatnoma ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi hamda ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali QR kod bilan tasdiqlanib, elektron ko‘rinishda yuboriladi.

Qaror doirasida Ichki ishlar vazirligi Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda mazkur axborot tizimini davlat axborot platformalari bilan integratsiya qiladi. Bu orqali jarima maydonchalarida saqlanayotgan avtomobillar, ular uchun undirilgan to‘lovlar hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda soliq tizimiga uzatiladi.

Yangi qoidalarga muvofiq, ushlangan transport vositalari hisobini elektron tizim orqali yuritmagan yoki ko‘rsatilgan xizmatlar haqida ma’lumotlarni kiritmagan yuridik shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi. Bunday qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlansa, jarima maydonchasini boshqarish bo‘yicha tuzilgan shartnoma bekor qilinishi mumkin.

Shuningdek, transport vositasini ushlab turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilmasdan turib uni chiqarib yuborish yoki undan noqonuniy foydalanish ham qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qarorda yana bir muhim yangilik ham nazarda tutilgan. Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank bozorlar hamda avtoturargohlarda to‘lovlarni yagona QR kod orqali amalga oshirish imkoniyatini joriy etadi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur o‘zgarishlar inson omilini kamaytirish, hujjat aylanmasini soddalashtirish va jarima maydonchalari faoliyatida shaffoflikni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar