Soliq keshbeki bekor bo‘ladimi?

O‘zbekistonda xaridlar uchun berilayotgan 1 foizlik soliq keshbekini bekor qilish taklifi ilgari surildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va fiskal tahlillar instituti tomonidan e’lon qilingan tahliliy materialda ma’lum qilindi.
Mutaxassislar qayd etishicha, so‘nggi yillarda soliq keshbeklarini moliyalashtirish uchun davlat budjeti xarajatlari izchil oshib bormoqda. Agar 2022 yilda ushbu maqsad uchun 820 milliard so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2026 yil yakunlariga borib bu ko‘rsatkich 1,8 trillion so‘mga yetishi mumkin.
Tahlil mualliflarining fikricha, bunday o‘sish davlat budjetiga tushayotgan yuklamani sezilarli darajada oshirmoqda. Shu bois amaldagi ommaviy keshbek tizimining iqtisodiy samaradorligini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani ta’kidlanmoqda.
Qayd etilishicha, umumiy keshbek tizimi o‘rniga aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiq. Xususan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar uchun ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar xaridida QQSning bir qismini qaytarish mexanizmini saqlab qolish taklif etilgan.
Tahlilda keltirilishicha, davlat tomonidan ajratilayotgan keshbek mablag‘larining katta qismi yirik savdo tarmoqlarida amalga oshirilgan xaridlarga to‘g‘ri kelmoqda. Natijada budjet, aslida, keshbek bo‘lmagan taqdirda ham amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan xaridlarni moliyalashtirmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil may oyida iste’molchilarga 146,6 milliard so‘m soliq keshbeki to‘langan. Shundan 15,7 milliard so‘mi eng yirik o‘nta savdo tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mutaxassislar fikricha, soliq intizomini doimiy pulli rag‘bat bilan emas, balki raqamlashtirish, shaffoflik va qonunbuzarliklarning muqarrar aniqlanishi orqali ta’minlash samaraliroq bo‘ladi.
Shu munosabat bilan umumiy keshbek tizimi o‘rniga chek talab qilish xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda davlat lotereyalarini tashkil etish taklif qilinmoqda. Bunday lotereyalarda avtomobillar, turistik yo‘llanmalar va qiymati 5 million so‘mdan yuqori bo‘lgan qimmatbaho sovg‘alar o‘ynalishi mumkin.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur lotereya tizimini tashkil etish uchun taxminan 100 milliard so‘m yetarli bo‘ladi. Bu esa davlat budjeti xarajatlarini amaldagi keshbek tizimiga nisbatan qariyb 20 barobarga qisqartirish imkonini berishi mumkin.
Ayni paytda bu taklif tahlilchilar tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, uni amalga joriy etish bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.






























Izohlar 0
…