Toshkentda qarovsiz qoldirilgan Captiva qasddan yoqib yuborildi

Toshkentda qora rangdagi Chevrolet Captiva avtomobili yoqib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolari xabar bermoqda. Yoqib yuborilgan avtomobilga oid suratlarni guruhga joylashtirgan manbaning ma’lum qilishicha, voqea Toshkentning Qoratosh dahasidagi ko‘p qavatli turar-joy binolari yaqinida ro‘y bergan. Ba’zi foydalanuvchilar esa bu fikrlarni rad etib, mazkur yong‘in Toshkentning Beshyog‘och mavzesida sodir bo‘lganini aytishmoqda.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining xabar berishlaricha, mazkur avtomobil ayol kishiga tegishli bo‘lgan. Mashina 20 aprel kuni tong otishiga yaqin, soat taxminan 04:00 da noma’lum shaxs tomonidan yoqib yuborilgan. Voqeaga guvohlik qilganlar bu holatni videoga olishga ham ulgurishgan. Ularning fikricha, avtomobilni qasddan yoqib yuborgan shaxs erkak kishi bo‘lgan.
Yong‘in oqibatida hech kim zarar ko‘rmagan, biroq avtomobil tanib bo‘lmas darajaga kelib qolgan. Voqea joyiga huquq-tartibot organlari xodimlari etib kelib, tergov-surishtiruv ishlari boshlab yuborilgani aytilmoqda.



Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining ma’lum qilishlaricha, shaxsiy avtomobillar bilan bog‘liq bunday holatlar so‘nggi vaqtlarda tez-tez uchrab turibdi. Garajlarning olib tashlanishi va va’da qilingan ochiq avtoturargohlarning qurib berilmagani, odamlar avtomobillarini ko‘p qavatli uylar yonida qarovsiz qoldirib ketishga majbur bo‘layotganlari ana shunday voqealarga sabab bo‘lmoqda, deydi tarmoq foydalanuvchilaridan biri. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing