Foto: Kun.uz
UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt, Lacetti va Damas modellarining yangi komplektatsiyalari uchun kontraktatsiya ochilganini e’lon qildi. Narxlar oshgan va bu oshish qo‘shimcha opsiyalar qo‘shilgani bilan izohlanyapti.
Yangilangan komplektatsiyalar qo‘shimcha opsiyalarga ega bo‘lib, ularning narxi quyidagicha deb belgilandi:
- Damas D2 DLX Style Plus: 92 204 000 so‘m
- Labo LB2 Plus: 91 669 000 so‘m
- Cobalt GS-Style Plus MT: 113 711 000 so‘m
- Cobalt GX-Style Plus AT: 134 294 000 so‘m
- Lacetti L-Style Plus MT CNG: 144 111 000 so‘m
- Lacetti L-Style Plus AT: 160 868 000 so‘m
Narxlar QQS bilan ko‘rsatilgan yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan.
“Shu bilan birga, avvaldan mavjud bo‘lgan komplektatsiyalarning narxlari o‘zgarishsiz qoladi”, – deyiladi kompaniya xabarida. Lekin e’londa shartnoma berish faqat yangi komplektatsiyalar uchun tiklangani aytilgan.
UzAuto Motors avtomobillarni yetkazib berish muddatini qisqartirish maqsadida “ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq savdo tizimini joriy etayotgani”ni ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Cobalt va Lacetti sotuvi 2022 yil 8 dekabrdan, Damas va Labo sotuvi esa 13 dekabrdan boshlab to‘xtatilgan edi.
Nisbatan arzonroq modellar bo‘lmish Spark va Nexia-3 uchun shartnoma berish esa 2022 yil avgustida qayta tiklanmaydigan qilib yopilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring