Yaqin kunlarda O‘zbekistonda Captiva-5 sotuvlari boshlanishi mumkin. UzAuto rasmiy vakilining ma’lum qilishicha, ayni paytda sinov jarayoni o‘tkazilmoqda. Narxlarni sotuvlar boshlanishidan oldin e’lon qilish rejalashtirilgan.
UzAuto Motors'ning ilk ommaviy aksiyalari sotuvida anderrayter vazifasini bajargan Freedom Broker hisobotida ham kompaniya rejalarida 2023 yildan Captiva importini boshlash ko‘zda tutilgani keltirib o‘tilgandi.
Hozirda UzAuto Motors dilerlik markazlaridan faqatgina Onix va Tracker-2 kabi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan modellar, shuningdek, Malibu-2, Equinox, Traverse, Tahoe-2 kabi import avtomobillariga shartnoma olish mumkin.
Chevrolet Captiva avtomobili mamlakat bozoriga bundan 16 yil oldin kirib kelgan. Ilk bor avtomobilni yirik tarmoqli yig‘ish 2007 yilning oktyabr oyidan boshlangan. 2011 yilning sentyabr va 2017 yilning fevral oylarida avtomobilning yangilangan modeli chiqarilgan. 2018 yilning kuzidan boshlab krossover sotuvdan olib tashlangandi.
Keyinchalik, 2021 yilning kuzida UzAuto Motors Chevrolet Captiva sotuvi qayta tiklanganini e’lon qildi va bir qancha iste’molchilar bilan shartnomalar tuzgandi. Lekin ma’lum muddat o‘tganidan keyin bu jarayon to‘xtatildi. Sabab sifatida esa Captiva-5'ning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi aytilgandi. O‘sha paytda mazkur avtomobil 221 mln 691 ming so‘mdan 309 mln 900 ming so‘mgacha narxda sotuvga chiqarilishi xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors Captiva-5 avtomobillari sotuvini 2021 yil noyabrda to‘xtatgandi. Bunga sabab sifatida dunyoda yarimo‘tkazgich mikrochip inqirozi yuza berayotgani keltirilgan. Kompaniya o‘sha yilning sentyabri yakunida yangilangan Chevrolet Captiva sotuvi boshlanganini e’lon qilgandi. Mazkur rusumdagi avtomobillar narxlari quyidagicha bo‘lgan:
- boshlang‘ich LT komplektatsiya — 192 775 000 so‘m;
- LT komplektatsiya 5 o‘rinli —238 086 957 so‘m;
- LT komplektatsiya 7 o‘rinli — 244 782 609 so‘m;
- Premier komplektatsiya 7 o‘rinli — 269 478 261 so‘m.
Kompaniya xabarida ushbu narxlar QQSsiz ko‘rsatilgan. UzAutoSavdo tizimida esa QQS bilan qo‘shib hisoblaganda, Premier komplektatsiya 309 900 000 so‘mdan, LT 7 esa 281 500 000 so‘mdan boshlanishi qayd etilgan, boshlang‘ich LT va LT 5 komplektatsiyalari narxlari esa keltirilmagan.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring