Chevrolet oʻzining uchta avtomobil modeli uchun kafolatni kengaytirdi: Silverado 1500 (2022-yil), Blazer (2022–2023-yillar) va Trax (2022-yil). Endilikda, ushbu modellardagi yoqilgʻi bugʻlari nasosi bilan bogʻliq muammolar 15 yil yoki 240 ming kilometr masofagacha (qaysi biri oldin boʻlsa) kafolat bilan qoplanadi. Kafolat faqat ushbu nosozlikka taalluqlidir.
Mazkur muammo notoʻgʻri ishlayotgan nasos sababli “dvigatelni tekshiring” indikatori yonishiga olib keladi. Biroq bu mashinaning boshqaruviga ta'sir qilmaydi. Chevrolet ushbu muammoni bepul tuzatib beradi, hatto avtomobil egasi bir necha marta almashgan boʻlsa ham. Shuningdek, kompaniya bu nosozlikni oʻz hisobiga tuzatgan egalar xarajatlarini 14-yanvargacha murojaat qilganda qaytarib beradi.
Dasturda turli motorlar bilan jihozlangan mashinalar ishtirok etadi. Masalan, Silverado 1500 2,7 litrli 310 ot kuchiga ega turbo I4 dvigatelidan 6,2 litrli 420 ot kuchiga ega V8 dvigatelgacha yoki 277 ot kuchiga ega Duramax dizel dvigateli bilan jihozlanishi mumkin. Blazer esa 2,0 litrli 228 ot kuchiga ega turbo I4 yoki 3,6 litrli 308 ot kuchiga ega V6 dvigatellari bilan, Trax esa 1,4 litrli 155 ot kuchiga ega turbo I4 dvigateli bilan taqdim etiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring