
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda qo‘shilishi mumkin. 27 mart kuni Ichki ishlar vazirligi tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyihada kodeksga “tonirovka” bo‘yicha quyidagi mazmundagi yangi 126-1-moddani kiritish taklif etilgan:
“126-1-modda. Oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnomada ko‘rsatilgan talablarni buzib transport vositalaridan foydalanish.
Oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnomada belgilangan qoidalarga rioya qilmaslik – BHMning bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”.
BHMning 1 baravari hozirda 375 ming so‘mga teng.
Bugungi kunda O‘zbekistonda BHMning 8 baravari (3 mln so‘m) to‘lov qilib, mashinaning old yon oynalari tusini o‘zgartirish mumkin. Ruxsatnoma my.gov.uz portalidan onlayn olinsa, to‘lov miqdori chegirma bilan 2,7 mln so‘m bo‘ladi.
Bu ruxsatnomada belgilangan me’yorga ko‘ra, old yon oynalar tusini 30 foizgacha qoraytirish mumkin.
YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, amaliyotda ruxsatnoma olganidan keyin oynalarni 50 foiz va 100 foizgacha qoraytirish holatlari uchramoqda.
Bunday vaziyatda, amaldagi MJtKning 126-moddasi (ko‘zgusimon yoki qoraytirilgan oynali transport vositalaridan ruxsatnomasiz foydalanganlik) asosida, BHMning 25 baravari miqdorida (hozirgi kunda 9 mln 375 ming so‘m) jarima qo‘llanmoqda.
“Bir necha millionga “tonirovka” uchun ruxsatnoma olsa-yu, lekin yana tonirovkasi yo‘qlardek, BHMning 25 barobari miqdorida jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelsa, bu adolatsizlik bo‘ladi, deb hisobladik.
Shuning uchun tonirovka ruxsatnomasida belgilangan me’yorlarga amal qilmaganlar uchun alohida, BHMning 1 barobari miqdorida jarima qo‘llash bo‘yicha tashabbus bildirib, shu loyiha ishlab chiqildi.
Bu 126-1-modda qabul qilinsa, huquqbuzarlardan “tonirovka” ruxsatnomasi olib qo‘yilmaydi. Balki me’yordan yuqori “tonirovka”si yechilib, 30 foizgacha boshqa tonirovka qo‘yib oladi. MJtKning amaldagi 126-moddasi – ruxsatsiz “tonirovka” uchun BHMning 25 barobari (9 million 375 ming so‘m) jazo ham o‘z kuchida qolaveradi. Bu boshqa holat”, – dedi YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldashev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Qonun loyihasi joriy yil 11 aprelgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, barcha fuqarolar ushbu havolaga o‘tib, fikr va takliflarini berishi mumkin.
Tonirovka uchun to‘lovlar
O‘zbekistonda 2022 yil 1 iyuldan yengil avtotransport vositalarining orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor qilingan. Ya’ni orqa yon oynalarni hech qanday to‘lovlarsiz qoraytirish mumkin bo‘lgan.
O‘sha vaqtda, jismoniy va yuridik shaxslar uchun yengil avtotransport vositalari old yon oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma olish to‘lovi BHMning 8 baravari deb belgilangan – hozirgi kunda 3 million so‘mni tashkil qiladi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ruxsatnoma olish 10 foizga arzonroq.
Hukumat qaroriga ko‘ra, bu ruxsatnomani berishdan tushadigan mablag‘lar quyidagicha yo‘naltiriladi:
- 40 foizi —davlat budjetiga;
- 40 foizi — IIVning Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini rag‘batlantirish va mukofotlash jamg‘armasiga;
- 20 foizi — IIVning “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasiga.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar