Otabek Umarov FIA Senatiga kirdi: O‘zbekiston uchun yangi tarix ochildi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov xalqaro avtosport dunyosidagi eng yuqori qaror qabul qiluvchi maydonlardan biriga — FIA Senati tarkibiga a’zo etib kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu tayinlov “faqat lavozim” emas — katta ramz. Chunki FIA Senati — federatsiya boshqaruvidagi eng yuqori organlardan biri hisoblanadi. Demak, Markaziy Osiyo avtosport va mobillik yo‘nalishida global qarorlar muhokama qilinadigan darajada yanada ko‘rinarli va ta’sirli vakillikka ega bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, FIA 149 davlatdan 200 dan ortiq milliy tashkilotlarni birlashtirgan ulkan tizim. U dunyodagi eng nufuzli musobaqalar — Formula-1 va Formula-E kabi chempionatlarni tartibga solishda asosiy qoidalarni belgilaydi. Shu ma’noda, O‘zbekiston vakilining Senatga kirishi mamlakatning sport diplomatiyasida “yangi tezlik”ka chiqqaniga o‘xshaydi: endi biz faqat ishtirokchi emas, muhokama maydonida ham bormiz.
Bu qaror nimani anglatadi?
Birinchidan, O‘zbekistonning xalqaro sport tuzilmalaridagi o‘rni yanada mustahkamlanadi — bu kelajakda yangi sherikliklar, yangi loyihalar degani.
Ikkinchidan, yirik xalqaro musobaqalarni jalb qilish imkoniyatlari kengayadi. Katta turnirlar kelishi — turizm, servis, media va iqtisodiy harakatning ham o‘sishi, qisqasi, “sport — iqtisodiyot motori” degan gap bekor emas.
Uchinchidan, zamonaviy sport infratuzilmasini rivojlantirishga turtki bo‘ladi. Avtosportda standartlar qattiq: xavfsizlik, logistika, texnologiya — hammasi yuqori talab qiladi. Bu esa ichki tizimni ham kuchaytiradi.
To‘rtinchidan, O‘zbekistonning global sport maydonida ishonchli hamkor sifatidagi imiji yanada mustahkamlanadi. Hozirgi zamonda imij — bu faqat PR emas, bu yangi imkoniyatlarga ochiladigan eshik.
Qisqasi, FIA Senatiga tayinlanish O‘zbekistonning sport va mobillik yo‘nalishida xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Endi eng muhimi — shu imkoniyatni “qog‘ozdagi yutuq” qilib qo‘ymay, real loyihalar, musobaqalar va infratuzilmaga aylantirish. Shu bo‘lsa — bomba.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!