Xiaomi kompaniyasining yangi krossoveri Kunlun N3 yo‘llarda paydo bo‘ldi

Internetda Xiaomi kompaniyasining birinchi to‘liq o‘lchamli, gibrid dvigatelli yo‘ltanlamas avtomobilining ilk «josuslik» suratlari paydo bo‘ldi. Bloger SugarDesign ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu model ichki kod nomi bilan Kunlun N3 deb ataladi va uning rasmiy taqdimoti 2026-yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Suratlardan ko‘rinib turibdiki, avtomobil Xiaomi SU7 va YU7 modellaridan tubdan farq qiluvchi burchakli hamda «muskulli» kuzov dizayniga ega. Old qismida tor chiroqlar va tom qismida joylashgan lidar moduli o‘rnatilgan. Shuningdek, model tomchi shaklidagi yon ko‘zgular va yangi korporativ uslubdagi old qism bilan ajralib turadi.
Texnik jihatdan Kunlun N3 Xiaomi’ning ilk gibrid modeli bo‘ladi. Avtomobil 70 kVt·soatdan ortiq sig‘imga ega akkumulyator bilan jihozlanadi, bu esa faqat elektr energiyasi hisobiga 400–500 km masofani bosib o‘tish imkonini beradi. Orqa qismida esa vertikal chiroqlar va yukxona qopqog‘ining ikki qismli ochilish tizimi ko‘zda tutilgan.
Ushbu yirik SUV Xitoy bozorida Li Auto L9 va Aito M9 kabi uzunligi 5 metrdan oshadigan yirik gibrid krossoverlar bilan raqobatlashadi. Yangi model o‘zining amaliyligi va keng interyeri bilan oilaviy avtomobil segmentida muhim o‘rin egallashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!