49 haydovchi jarima ballari sabab huquqidan ayriladi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini takroran buzib, eng yuqori jarima ballarini to‘plagan haydovchilar soni ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 8 may holatiga kelib, 12 jarima balli chegaraga yetgan haydovchilar soni 49 nafarni tashkil etdi.
Qoidabuzarliklar bo‘yicha eng ko‘p holat Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda 29 nafar haydovchi kritik ball to‘plagan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati 8 ta holat bilan, Buxoro viloyati esa 3 ta holat bilan qayd etilgan. Bu hududlar ayni paytda o‘ziga xos antireytingda yetakchi bo‘lib turibdi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga muvofiq, 12 jarima ballini to‘plagan haydovchilar kamida 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Ushbu holatlar bo‘yicha materiallar allaqachon sudga yuborilgani aytilmoqda.
Haydovchilik huquqini qayta tiklash esa avvalgidek oson bo‘lmaydi. Guvohnomasini qaytarib olishni istagan haydovchilar qayta o‘qishi va murakkablashtirilgan imtihon topshirishi kerak bo‘ladi. Endi imtihonda 50 ta savoldan kamida 46 tasiga to‘g‘ri javob berish talab etiladi. Avval bu ko‘rsatkich 20 ta savoldan 18 tasi edi.
Bu o‘zgarishlar yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish, qoidalarga bepisand munosabatda bo‘ladigan haydovchilarni tartibga chaqirish va takroriy qoidabuzarliklarni kamaytirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda vaziyat nisbatan yaxshi ekani qayd etilmoqda. Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ayni paytda kritik ball to‘plagan birorta ham haydovchi yo‘q.
Mutaxassislar haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga jiddiyroq yondashishga chaqirmoqda. Chunki jarima ballari oddiy raqam emas — ular oxir-oqibat haydovchilik huquqidan ayrilishga olib kelishi mumkin.
Qisqasi, yo‘lda “bir marta bo‘lsa hech narsa qilmaydi” degan fikr endi ancha xavfli. Qoidabuzarliklar yig‘iladi, ball to‘planadi, keyin esa ruldan 6 oylik tanaffus boshlanadi. Yo‘lda eng yaxshi strategiya — tez yurish emas, to‘g‘ri yurish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!