Fiat Panda va Citroën 2CV: Arzon elektromobillar bozorni egallaydi

Stellantis konserni narxi 15 000 funt sterlingdan (taxminan 19 000 dollar) past boʻlgan hamyonbop shahar elektromobillari qatorini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning Yevropa boʻlimi rahbari Emanuele Cappellano yangi avlod Fiat Panda va Citroën 2CV modellarining oʻng rulli versiyalari ishlab chiqarilishiga 95 foiz ishonch bildirdi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Sanoat giganti uzunligi 4,2 metrdan oshmaydigan va Yevropa Ittifoqining yangi M1E klassiga mos keladigan elektromobillar uchun maxsus “E-car” platformasini ishlab chiqmoqda. Dastlabki ikki model — Citroën 2CV va Fiat Panda 2028-yildan boshlab Italiyadagi Pomigliano zavodida konveyerga chiqishi tasdiqlangan.
Cappellano 15 000 yevrolik maqsadli narxga erishish uchun platforma boshidanoq faqat BEV (akkumulyatorli elektromobil) sifatida loyihalashtirilishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u ushbu loyihaga Peugeot va Vauxhall kabi boshqa brendlar ham qoʻshilishi mumkinligini inkor etmadi. Hozirda Stellantis platformani takomillashtirish uchun Xitoyning OEM ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ham koʻrib chiqmoqda.
Yangi M1E qoidalari Yevropada ishlab chiqarilgan kichik elektromobillar uchun ishlab chiqaruvchilarga “super-kreditlar” berishni koʻzda tutadi. Bu esa kompaniyalarga umumiy emissiya koʻrsatkichlarini pasaytirishga yordam beradi. Garchi oʻng rulli avtomobillar uchun qoʻshimcha investitsiya talab etilsa-da, Stellantis Britaniya bozorida ham ushbu arzon modellarni sotishni maqsad qilgan.
Mazkur segmentda raqobat kuchayib bormoqda. Masalan, yangi Renault Twingo ham oʻng rulli versiyada biroz kechikish bilan bozorga chiqishi kutilmoqda. Stellantis esa oʻzining yangi platformasi orqali batareya va elektr dvigatel texnologiyalarida samaradorlikni oshirib, arzon elektromobillar bozorida yetakchilikni qoʻlga kiritmoqchi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!