Yangi dvigatelli va ruxlangan kuzovli Lada Niva Legend ishlab chiqariladi

Yangi dvigatelli va ruxlangan kuzovli Lada Niva Legend ishlab chiqariladi
Qisqacha

AvtoVAZ 2026-yilning 20-iyulidan boshlab yangilangan Lada Niva Legend modelini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Model kuchliroq 1,8 litrli dvigatel va yangi ruxlangan kuzov elementlari bilan taqdim etiladi. Avtomobilning xavfsizlik tizimida frontal yostiq joriy etiladi, shuningdek, old podveskasi modernizatsiya qilinadi. Yangilangan modelda 100 dan ortiq yangi va 60 dan ziyod modernizatsiya qilingan detallar mavjud bo'ladi.

AvtoVAZ” kompaniyasi 2026-yilning 20-iyulidan boshlab yangilangan Lada Niva Legend modelini seriyali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Maksim Sokolov PMEF-2026 forumi doirasida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, afsonaviy yoʻltanlamas yangi komplektatsiya, kuchliroq dvigatel va qoʻshimcha opsiyalar bilan taqdim etiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Avvalroq kompaniya ushbu model 1,8 litrli, 8 klapanli va 90 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlanishiga aniqlik kiritgan edi. Xuddi shunday motor hozirda Lada Niva Travel modellariga oʻrnatilmoqda. Yangilanishning eng muhim jihatlaridan biri — Lada Niva Legend tarixida ilk bor kuzov elementlari uchun ikki tomonlama ruxlangan (sinklangan) poʻlatdan foydalaniladi.

Xususan, avtomobilning old paneli (“televizor”), kapoti, tomi, yukxona eshigi va orqa fartugi korroziyaga chidamli ruxlangan metalldan tayyorlanadi. Shuningdek, xavfsizlik tizimida ham oʻzgarish boʻlib, haydovchi uchun frontal xavfsizlik yostigʻi (airbag) joriy etiladi.

Texnik qismda avtomobilning old podveskasi modernizatsiya qilingan: koʻndalang barqarorlik stabilizatori oldinga koʻchirilgan. Bu oʻzgarish boshqaruvchanlikni va harakatlanish ravonligini yaxshilashi kutilmoqda. Umumiy hisobda yangilangan Lada Niva Legend modelida 100 dan ortiq yangi va 60 dan ziyod modernizatsiya qilingan detallar hamda uzellar qoʻllanilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar