Hyundai Elantra 2026 Xitoyda sotuvga chiqdi: Narxlar va asosiy oʻzgarishlar

Hyundai Elantra 2026 Xitoyda sotuvga chiqdi: Narxlar va asosiy oʻzgarishlar

Hyundai kompaniyasi Xitoy bozorida yangilangan Elantra 2026 sedanining sotuvlarini rasman boshladi. Yangi model xaridorlarga uch xil komplektatsiyada taklif etilmoqda. Avtomobilning narxi tanlangan versiyasiga qarab 100 mingdan 124 ming yuangacha (taxminan 13 800 dan 17 100 dollargacha) etib belgilangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Tashqi koʻrinish nuqtayi nazaridan 2026-yilgi model avvalgi versiyadan deyarli farq qilmaydi. Elantra oʻzining brend uslubidagi keng radiator panjarasi va orqa qismdagi chiroqlarni birlashtirib turuvchi yagona svetodiodli chiziqni saqlab qolgan. Avtomobilning oʻlchamlari oʻzgarishsiz qolgan: uzunligi 4720 mm, kengligi 1810 mm va balandligi 1415 mm boʻlib, gʻildirak bazasi 2720 mm ni tashkil etadi.

Salon qismida old panelda ikkita ekran joylashgan. Boshlangʻich va oʻrta komplektatsiyalarda 8 dyuymli raqamli asboblar paneli oʻrnatilgan boʻlsa, eng yuqori versiyada ushbu ekranning diagonali 10,25 dyuymni tashkil qiladi. Shuningdek, Hyundai jihozlar roʻyxatiga biroz oʻzgartirishlar kiritgan. Xususan, GLX Elite komplektatsiyasidan navigatsiya va rul isitish tizimi kabi ayrim funksiyalar olib tashlangan, biroq endi barcha versiyalar USB-C portlari bilan taʼminlangan.

Texnik xususiyatlariga koʻra, barcha Hyundai Elantra 2026 modellari 1,5 litrli atmosfera dvigateli bilan jihozlangan. Ushbu dvigatel 115 ot kuchi va 143,9 Nm aylanish momentini taqdim etadi. Transmissiya sifatida esa anʼanaviy variatordan foydalanilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar