date

GM Uzbekistan Moskvada Ravon brendini namoyish qildi

GM Uzbekistan Moskvada Ravon brendini namoyish qildi

GM Uzbekistan endi avtomobillarini yangi Ravon brendining «Vaqt sinovidan o‘tgan, yangitdan yaratilgan» shiori bilan eksport qiladi, deb xabar bermoqda Gazeta.uz.

GM Uzbekistan kompaniyasi 8 oktyabr kuni Moskvada Uz-Daewoo o‘rniga chiqarila boshlagan Ravon yangi brendi taqdimotini o‘tkazdi. O‘zbekistonlik avtomobilsozlar ishlab chiqargan mahsulotlar endi ushbu brend bilan sotiladi.

«Bugun rivojlanishimizning yangi bosqichi boshlanadi», — dedi taqdimot marosimida «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Tohirjon Jalilov.

Uz-Daewoo savdo belgisi bilan Rossiya bozorida millionga yaqin avtomobil, jumladan, 300 mingdan oshiq ixcham Matiz avtomashinasi sotildi, uning A tasnifiga mansub mashinalar segmentidagi hissasi 60 foizdir. Taqdimotda qayd etilishicha, ikki yil burun sotuvga chiqarilgan S tasnifiga mansub Gentra Rossiyadagi 25 ta eng ko‘p sotilayotgan avtomobillar ro‘yxatiga kiradi. Ushbu yutuqlar Ravon-ning «Vaqt sinovidan o‘tgan, yangitdan yaratilgan» shioriga to‘la mos keladi.

Ravon nomi tasodifan tanlagani yo‘q, deya ta’kidladi Jalilov. Bu qisqartmada «har bir harfning o‘z ma’nosi bor va avtomobillarimiz tabiatiga mos tushadi»: «Reliable Active Vehicle On Road». O‘zbek tilidagi «ravon» so‘zi ham ko‘p ma’nolidir: «yorug‘, toza, tekis, to‘g‘ri yo‘l» yoki «ravon yo‘l», deya tushuntirdi «O‘zavtosanoat» rahbariyati vakili.

U ichi va tashqarisi yangilangan ixcham Ravon Matiz shahar avtomobilini namoyish etdi. Ushbu model ilk marta xavfsizlik yostig‘i, ABS va immobilayzer bilan jihozlandi.

Ravon Gentra avtomobilining ergonomikasi takomillashtirildi, ruliga charm qoplandi, salondagi yorug‘lik darajasi nazorat qilinadigan bo‘ldi va ko‘p funksiyali displey o‘rnatildi. GM Uzbekistan dastlab, Gentra, so‘ngra boshqa avtomobillarda «ERA-GLONASS» navigasiya tizimini qo‘llab-quvvatlovchi qurilmalar o‘rnatish ustida ish olib bormoqda.

Yangi yildan boshlab Rossiyada Ravon R2 (Spark-ning analogi) va Ravon R4 (Cobalt) sotuvga chiqariladi. Birinchi modelga yangi dvigatel, avtomatik uzatish qutisi, asboblar paneli va audiotizim o‘rnatiladi. Ikkinchisining tashqi ko‘rinishi va salonida o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.

Eng ko‘p kutilgan yangilik T250 modeliga asoslanib chiqarilayotgan Ravon Nexia avtomobilidir. Uning dizayni butunlay yangilandi va unga xavfsizlik bilan bog‘liq bir qancha butunlay yangi tuzatmalar kiritildi. Tohirjon Jalilovning ma’lum qilishicha, ular sirasiga yo‘nalish barqarorligi va shinalardagi havo bosimi nazorati tizimlari, haydovchi va yo‘lovchilarni qo‘shimcha himoya qilish, piyodalarni himoya qilish talablariga javob beruvchi old bamper kiradi. Modelning avtomatik uzatish qutisi ham bor.

«Brendimiz bilan bog‘liq rejalarimiz katta. Ishlab chiqarilayotgan avtomobillarimiz turini ko‘paytirish ustida ish olib boryapmiz. Yaqin kelgusida jip va shaharlar uchun yirik sedan tanifidagi avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Hozirning o‘zidayoq yana bir necha avtomobil ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda», — dedi taqdimot marosimida Tohirjon Jalilov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Avto » GM Uzbekistan Moskvada Ravon brendini namoyish qildi

Ko'p o'qilgan Avto yangiliklari