09:05 / 07.02.2018
7 279

Qachongacha mahsulotlarimizni dunyoga suvtekinga sotamiz?

Qachongacha mahsulotlarimizni dunyoga suvtekinga sotamiz?
Raqamlarga nazar
«Whatsapp» ilovasi «Facebook» tomonidan 19 milliard dollarga sotib olindi.

O‘zbekistonning bir yillik paxtasi 1 milliard 200 million dollar daromad keltiradi.

Bir dona «Patek Philippe» qo‘l soati 20 ming dollardan 500 ming dollargacha sotiladi!

Rossiyada «Lacetti Gentra» 6-8 ming dollarga sotilmoqda.

200 dollarlik tannarxdagi «iPhone» telefonini 1200 dollarga og‘rinmay sotib olayapmiz.

«Lada Vesta» o‘z mashinalarini O‘zbekistonda 10 ming dollardan kamiga sotmayapti...

Tafakkur
Yuqoridagi raqamlar va taqqoslar bugungi kunda bilim va innovatsiyalar (bilim asosida yaratilgan qiymat) naqadar ahamiyatga egaligini ko‘rsatadi. Butun boshli o‘zbek xalqi bir yil ter to‘kib yetishtirgan paxta necha pulligu, besh-olti yoki oshib borsa o‘n kishilik komandadan iborat kashfiyotchilarning ixtirosi qanchaga sotilayapti?

«Patek Philippe» bir dona eng oddiy qo‘l soatini salkam 3,5 dona «Lacetti Gentra»ning puliga pullayapti.

Uyda to‘yib yeb-ichmasak ham, qarz-qavola qilib bo‘lsa ham tannarxi 200 dollar bo‘lgan «iPhone»ni 1200 dollarga rozi-rizolik bilan xarid qilayapmiz. O‘zbekning orzusi bo‘lgan «Lacetti Gentra»ni Rossiya bozorida 6-8 ming dollarga pullab, O‘zbekistonda ikki barobar narxga «Lada Vesta» sotib olayapmiz.

Maqtanishga ustamiz, lekin...
O‘zbek mashinalari Qozog‘istonda eng ko‘p sotilgan mashinalar beshtaligida! O‘zbek mashinalari Rossiyada eng ko‘p sotilgan mashinalar uchtaligida!

Yana tafakkur
Bularning barchasining siri nimada ekan-a?

Javob...
Bu sir-sinoatning nomini marketing bilimlari yoki marketing strategiyasi deyishadi.

Xo‘sh-xo‘sh... Nima demoqchisan o‘zi?

O‘zbek mashinalari Rossiya bozorida eng arzon va chaqqon sotilayotgan mashinalar! Op qoling, kep qoling, sotamizu ketamiz, arzon mashinalar, oz qoldi, bitta mashina olsangiz ikkinchisi tekin!..

Arzon deya baqirib e’tiborni jalb etish har kimning, hatto bozordagi maktab ko‘rmagan baqqolning ham qo‘lidan keladi menimcha. Ammo o‘z mahsulotini pardozlab, afzalliklarini tushuntirib, ta’rifu tavsifini o‘rniga qo‘yib sotish uchun endi baqqol ojizlik qiladi. Bu san’at uchun bilimli, zukko va yaratuvchan fikrlarga boy marketologlar kerak, kuchli marketing kampaniyasi kerak! Agar o‘zimizda bunday marketologlar topilmasa, ularni kerak bo‘lsa chet eldan yollash lozim (lekin, ishonamanki, o‘zimizda bunday kadrlar yetarli)!

Qaysi mashina qahratonda — 50 daraja sovuqda ham bemalol o‘t oladi?!

Qaysi mashina «crash-test»da yuqori natija ko‘rsata olgan?!

Qaysi mashinaning O‘lmas Kashshey kabi joni qattiq?!

Ana sizlarga savollar va «O‘zbekiston GM»ga mashinalarimizning afzalliklari bo‘yicha biroz shpargalka...

Xullas, yaxshiroq pulga sotsak, O‘zbekistonimizga ko‘proq valyuta tusharmidi, Vatanimiz yanada gullab-yashnarmidi? Xullas, bilimlar kerak, bilimlilar kerak...
Umidjon Oxunjonov

Manba: xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Qachongacha mahsulotlarimizni dunyoga suvtekinga sotamiz?