23:30 / 21.06.2018
6 316

Haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish qanday amalga oshirilmoqda?

Haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish qanday amalga oshirilmoqda?
Vazirlar Mahkamasining 31.05.2018 yildagi 408-son qarori bilan Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, nizom talablari avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida faoliyat yurituvchi barcha yuridik shaxslar (bundan keyin – o‘quv tashkilotlari) uchun yagona va rioya etilishi majburiy hisoblanadi.

Shuningdek Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablari tasdiqlandi.

Moddiy baza

Davlat ta’lim muassasalari, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan litsenziyaga ega bo‘lgan ushbu sohada nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar hududiy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari (YHXB) ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘linmalarida (RvaIOB) hisobga olingan bo‘lishlari shart.

Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi o‘quv tashkilotlarining moddiy-texnika va o‘quv-metodik bazasi davlat talablariga mos bo‘lishi kerak.

O‘quv tashkilotining unga mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan o‘quv xonalari, ulardagi jihozlar va o‘quv avtomobillaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

O‘quv tashkilotining hamda ijara shartnomasi asosida foydalanilayotgan avtomototransport vositalari yonilg‘i-moylash materiallari, ehtiyot qismlar va boshqa asbob-uskunalar bilan o‘quv tashkiloti tomonidan ta’minlanishi shart.

O‘quv tashkilotiga qarashli va ijara shartnomasi asosida foydalanilayotgan barcha o‘quv avtomototransport vositalari YHXBning RvaIOBda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Ta’lim jarayoni

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muddatlari va tartibi davlat talablariga hamda tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlariga muvofiq belgilanadi.

O‘ziga xos xususiyatlar nazarda tutilgan: sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan yengil avtomobillarni boshqarishga layoqatli deb topilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni haydovchilikka tayyorlash maxsus o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi; kar va kar-soqov shaxslarni haydovchilikka tayyorlash umumiy o‘quv dasturlari asosida surdo tarjimon yordamida amalga oshiriladi.

Ayollarni «VS» va «D» toifalariga tayyorlashni tashkil qilishda yuk avtomobillarining yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan, avtobuslarning yo‘lovchilar tashish uchun ruxsat etilgan soni esa 14 kishidan oshmasligi kerak.

O‘quv tashkilotidagi avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha yig‘ilgan guruhlardagi tinglovchilar soni 25 kishidan oshmasligi lozim. O‘quv tashkilotlarining rahbarlari o‘quv guruhlarida mashg‘ulotlar boshlangungacha o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishlari va hududiy YHXBga taqdim etishlari lozim.

Avtomototransport vositalari haydovchilarining malakasini oshirish bo‘yicha yig‘ilgan guruhlardagi tinglovchilar soni 30 kishidan oshmasligi lozim. Ta’lim jarayoni nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlardan, avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘ladi.

Yakuniy nazorat va sinovlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibi o‘quv tashkilotlari yoki ularning muvofiqlashtiruvchi va yuqori tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan yo‘riqnomalarda belgilanadi.

Tayyorlash va qayta tayyorlash uchun hujjatlar

«A», «V», «S» toifadagi avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, shuningdek «S», «D», «VE», «SE», «DE» toifalardagi avtotransport vositalari haydovchilarini qayta tayyorlash uchun tinglovchilarni o‘quv tashkilotlariga qabul qilishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

• jismoniy shaxs arizasi yoki buyurtmachi – tashkilot yo‘llanmasi (ular tomonidan o‘qishga yuborilgan shaxslar uchun);
• sog‘lig‘i va tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarishga yaroqliligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma;
• 3 x 4 sm hajmdagi 3 dona fotosurat (fuqaro kiyimida);
• ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi;
• pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat.

Haydovchilarni «S» toifadagi avtotransport vositalarini boshqarish uchun qayta tayyorlashda yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari «V» yoki «D» toifadagi haydovchilik guvohnomasi, «VE», «SE» yoki «DE» toifalaridagi avtotransport vositalarini boshqarish uchun qayta tayyorlashda tegishli ravishda «V», «S» yoki «D» toifasidagi haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.

Bitirish imtihonlari

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash yakunlari bo‘yicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilar YHXBning RvaIOBda imtihon topshiradilar. Imtihon olish vaqti YHXBning RvaIOB tomonidan o‘quv tashkilotining murojaatiga asosan oldindan belgilanadi.

Tinglovchilarning haydovchilar malakasini oshirish kurslarida bilimlarni o‘zlashtirishini aniqlash uchun o‘quv tashkilotlarida yakuniy imtihonlar animatsiya effektlariga ega bo‘lgan test dasturida qabul qilinadi.

O‘quv tashkilotida imtihonlarni qabul qilish uchun rahbar buyrug‘i bilan rais va ikki kishidan iborat imtihon komissiyasi tuziladi. Qo‘shimcha ravishda komissiya a’zolari tarkibiga o‘qituvchilar, instruktorlar, agar haydovchilar buyurtmachi tashkilot uchun tayyorlanayotgan bo‘lsa, shu tashkilotning vakili ham kiritilishi mumkin.

Tasdiqlangan o‘quv rejasi va dasturni to‘liq tugatgan, shuningdek barcha fanlardan ijobiy yakunlovchi baholar olgan tinglovchilar imtihonlarga qo‘yiladi.

Haydovchilikka nomzodlarning nazariy fanlardan olgan bilimi besh ballik baho mezoni bilan, amaliy mahorati va tajribasi «topshirdi» yoki «topshirmadi» mezoni bilan baholanadi.

Barcha toifadagi avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv guruhlarining nazariy imtihonlari tasdiqlangan imtihon savollari asosida o‘tkaziladi.

Imtihon natijasi haqida komissiya raisi va a’zolari bayonnoma tuzadilar, u o‘quv tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi hamda muhr bilan tasdiqlanadi. Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash imtihon komissiyasi bayonnomalarining saqlanish muddati – 5 yil.

O‘quv tashkilotida haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha ta’limni tugatib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslarga imtihon komissiyasi bayonnomasiga asosan o‘qishni bitirganligi haqida yagona namunadagi guvohnoma beriladi.

O‘quv tashkilotini avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malakasini oshirish dasturi bo‘yicha tugatib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslarga imtihon komissiyasi bayonnomasiga asosan o‘qishni bitirganligi haqida belgilangan namunadagi sertifikat beriladi. Avtotransport vositalari haydovchilarining malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikatlarning blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjat hisoblanadi.

Yuqorida ko‘rsatilgan guvohnoma va sertifikat avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini bermaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish qanday amalga oshirilmoqda?