16:30 / 05.09.2020
4 545

Avtomobil sotilganda, «chiroyli» raqam olib qo‘yiladimi?

Avtomobil sotilganda, «chiroyli» raqam olib qo‘yiladimi?
Ijtimoiy tarmoqda tarqagan video muallifi avtomobil oldi-sotdisi bo‘lgandan so‘ng, mashinaning «chiroyli» raqamini mutasaddilarga qaytarib berishga majbur bo‘lganini bildirgan. Ichki ishlar vazirligi ushbu holatga izoh berdi.

Video muallifining kadr ortidan bildirishicha, u «chiroyli» davlat raqamiga ega mashinani sotib oladi, ammo raqamni o‘zida saqlab qola olmagan. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bo‘linma boshlig‘i Murodbek Sheraliyev holat yuzasidan javob berdi.

«Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 avgustdagi 683-sonli qaroriga asosan, avtotransport vositalariga tegishli davlat raqam belgilarini auksion savdolari orqali sotish yo‘lga qo‘yilgan. Bu qaror bilan, 65ta xaridorgir davlat raqam belgilari uchta toifada auksionga savdolarga qo‘yilgan. Ikki yil davomida sotilgan davlat raqam belgilari bo‘yicha davr talabidan kelib chiqib, qo‘shimcha yana davlat raqam belgilarini auksionga qo‘yish talablari yuzaga keldi.

Shunga asosan, 2020 yil 4 iyun kuni hukumatning tegishli qarori bilan 327ta davlat raqam belgisi auksion savdolarga qo‘yilgan
», — deydi u.

Nega avtomobil oldi-sotdisi bo‘lganda ayrim «chiroyli» raqamlar davlatga qaytarilishi kerak? Ushbu savol yuzasidan Sheraliyev quyidagilarni bildirdi.

«Ushbu qaror qabul qilinguniga qadar olingan «chiroyli» davlat raqam belgilari fuqarolar tomonidan o‘zining yaqin qarindoshi, xususan ota-onasi, farzandlari va turmush o‘rtog‘i, aka-uka hamda opa-singillariga transport vositasi bilan hadya qilinishi mumkin. Shuningdek, davlat raqam belgisini ham berishi mumkin. Agar transport vositasi bo‘lmasa, raqamni YHXB bir yil muddatga saqlash uchun topshirishi mumkin. Bunga to‘lov undirilmaydi. Agar bir yil ichida uni qaytarib olish uchun murojaat qilmasa, davlat raqam belgisi auksionga chiqariladi», – dedi u.

Anglashiladiki, video muallifi xarid qilgan avtomobil raqami muqaddam auksion orqali sotib olinmagan, ammo endilikda auksion orqali sotuvga chiqarilgan raqamlar turkumiga kiritildi. Shu tufayli, u raqamni mashina bilan xarid qila olmaydi. Avtomobilning sobiq egasi esa raqamni o‘zida saqlab qolishi, uni yaqin qarindoshlariga berishi mumkin edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Avtomobil sotilganda, «chiroyli» raqam olib qo‘yiladimi?