12:43 / 10.05.2022
1 006

Bayden lend-liz dasturi bilan Ukrainaga qurol berish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Bayden lend-liz dasturi bilan Ukrainaga qurol berish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga lend-liz dasturi bo‘yicha harbiy yordam jo‘natish haqidagi qonunni imzoladi, deb xabar berdi Oq uy matbuot kotibi yordamchisi Anjela Peres o‘zining Twitter sahifasida.

Lend-liz — dastur, unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ikkinchi Jahon urushi paytida ittifoqchilarga harbiy texnika va jihozlarni uzoq muddatli ijaraga yoki qarzga bergan. 1941 yilning martidan 1945 yilning avgustigacha AQSH ittifoqchilarga umumiy qiymati 50 milliard dollardan ortiq lend-liz yordamini o‘tkazgan, shundan 11 milliard dollarga yaqini SSSRga to‘g‘ri keladi.

Ukrainaga lend-liz dasturi bo‘yicha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanishidan avval, yanvar oyi oxirida AQSH Senatiga kiritilgan edi. Qonun AQSH prezidentiga «Ukraina aholisini Rossiya harbiy bosqinidan himoya qilish va boshqa maqsadlar uchun» qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha Kiyev bilan kelishuvlar tuzishda kengaytirilgan vakolatlarni beradi. Umuman olganda, hujjat mamlakatga harbiy yordam yetkazishni tezlashtiradi va soddalashtiradi.

AQSH prezidentining kengaytirilgan vakolatlari urush tugaganda, shuningdek, Ukraina bilan chegaralar yaqinida Rossiya qo‘shinlarining soni 2021 yilning martigacha bo‘lgan holatga qisqarganda tugatiladi.

AQSH Kongressi Senati qonun loyihasini aprel oyi boshida, Vakillar palatasi esa aprel oxirida ma’qullagan. Shundan so‘ng qonun loyihasi Baydenga imzolash uchun taqdim etildi.

Rossiya Davlat Dumasining spikeri Vyacheslav Volodin lend-liz dasturi Ukrainani qarzga olib kelishini aytdi. «Lend-liz — bu tovar krediti va u arzon emas: Qo‘shma Shtatlar yetkazib beradigan barcha o‘q-dorilar, jihozlar va oziq-ovqatning haqini Ukraina fuqarolarining kelajak avlodlari to‘laydi. Zelenskiy mamlakatni qarzga botirmoqda», — dedi u.

Aprel oyi oxirida Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki AQSH Kongressi Ukrainaga yordam berish uchun ajratgan 3,5 milliard dollardan 250 million dollar qolganini aytgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden lend-liz dasturi bilan Ukrainaga qurol berish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi